“Vatan ostonasi” badiiy filmi taqdimoti
Mamlakat muhofazasi uning chegaralari mustahkamligiga, sarhadlarining daxlsizligiga bevosita bog‘liq. Har bir davlat o‘z tinchligini qo‘shinlar birdamligi, askarlarining kuchli ruhiy va jismoniy tayyorgarligi bilan baholagan.
Shu bois hurlik va erk tushunchalari hamma zamonda har bir xalq uchun muqaddas sanalgan. Yurtimiz fuqarolari, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod orasida Davlat chegaralari daxlsizligini ta’minlash yuksak sharafli ish ekanligini hamda DXX Chegara qo‘shinlarida Davlat chegaralarini qo‘riqlash sohasida olib borilayotgan ishlarni targ‘ib etish, shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy g‘urur, halollik va fidokorlik tuyg‘usini singdirish maqsadida “Vatan” kinostudiyasi bilan hamkorlikda 4 qismdan iborat “Vatan ostonasi” badiiy filmi tayyorlandi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur film 2001 yilda ishlab chiqilgan “Ostona” filmining uzviy davomi bo‘lib, mustaqillik yillarida DXX Chegara qo‘shinlarida Davlat chegarasi sohasida olib borilayotgan islohotlarni targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Filmning asosiy maqsadi yurtimiz fuqarolariga Davlat chegaralari muqaddas va daxlsizligini, aynan shu yerdan mamlakatning bepoyon dalalari-yu bog‘-rog‘lari, osmono‘par tog‘lari-yu azim daryolari hamda xalqimizning osuda hayoti boshlanishini targ‘ib etish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir.
Ushbu ezgu maqsadlarni o‘z ichiga olgan mazkur film O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi, kuch tuzilmalari hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Kinochilar uyida O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan “Vatan ostonasi” filmining taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu badiiy film bugun sarhadlarimizda ona Vatan tinchligini himoya qilayotgan, o‘z fidoyiligi va jasorati bilan xalqimizga eng ulug‘, eng aziz ne’mat bo‘lmish – tinchlik va osoyishtalikni hadya etayotgan jasur chegarachilarning sharafli xizmatiga bag‘ishlanadi.
O‘ylaymizki, mazkur film yurtimiz yoshlari uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ladi.
Hamza Yakubov, Kapitan
O‘zA