Vashington Tehrondan yadroviy dastur bo‘yicha aniq qadamlar kutmoqda
AQSH Eron bilan nizoni tugatish maqsadida Tehrondan uran boyitish quvvatini sezilarli darajada qisqartirishni talab qilmoqda. Qo‘shma Shtatlar vitse-prezidenti Jey Di Vens Vashington “so‘z emas, aniq harakat” kutayotganini urg‘uladi.
U “Reuters” axborot agentligiga bergan intervyusida yadroviy qurol yaratish niyati yo‘qligini isbotlamoqchi bo‘lgan Eron uranni 60 foizgacha boyitishni davom ettirmasligi kerakligini ta’kidladi. Vensning aytishicha, har qanday kelishuv Tehronning yadroviy dastur bo‘yicha aniq yon berishini nazarda tutishi lozim.
Tomonlar so‘nggi haftalarda ziddiyatni to‘xtatish va jahon energetikasi uchun muhim bo‘lgan Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha takliflar almashgan. Oq uy rahbari Donald Tramp Eronning so‘nggi taklifini rad etgan va harbiy harakatlar yana kuchayishi mumkinligini bildirgan.
Muzokaralardagi asosiy muammolardan yana biri — AQSH Eronda qarorlarni kim qabul qilayotganini aniq bilmayotgani. Vens prezident Mas’ud Pezeshkiyon va tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy bilan muloqotlar davom etayotganini, ammo ularning haqiqiy vakolati qanchalik ekani noaniqligini aytdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi bu fikrni rad etib, Vashington mamlakatdagi qaror qabul qilish tizimini yaxshi bilishini ta’kidladi. Ekspertlar fikricha, urushning iqtisodiy oqibatlari AQSHda ham sezilmoqda: mojaro har oy taxminan 3 milliard dollarga tushmoqda, energiya narxlarining oshishi esa Tramp ma’muriyatiga saylovlar oldidan qo‘shimcha bosim yaratmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA