Istanbul maktabida pichoqbozlik
Turkiyaning Istanbul shahridagi maktablardan birida 15 yoshli qiz o‘quvchilarga pichoq bilan hujum qildi. Oqibatda bir o‘quvchi halok bo‘ldi, sakkiz nafari yaralandi.
Mamlakat ta’lim vaziri Yusuf Tekinning aytishicha, gumonlanuvchi boshqa maktabda o‘qiydi. U voqea joyida qo‘lga olingan. Sog‘liqni saqlash vaziri Kamol Memisho‘g‘lu dastlab to‘qqiz nafar o‘quvchi jarohatlangani, ulardan birining ahvoli og‘ir ekanini aytgan. Keyinroq jarohatlanganlardan biri vafot etgani ma’lum qilindi.
Hodisadan keyin maktabdagi darslar ikki kunga to‘xtatildi. Istanbul sudi voqea haqida axborot tarqatishni taqiqladi. Turkiya radio va televideniye oliy kengashi (RTÜK) bu qaror tergovga xalal bermaslik va gumonlanuvchilarni aniqlash maqsadida qabul qilinganini bildirdi. Hozircha hujumning siyosiy yoki mafkuraviy sabablari borligiga dalil yo‘q.
Musulmon Ziyo, O‘zA