“Uzum sayli – 2026”: xalqaro festival boshlandi
Azaldan Parkent tumani uzumchilik an’analari, noyob uzum navlari va o‘ziga xos dehqonchilik madaniyati bilan mashhur. Bu zaminda asrlar davomida shakllangan tajriba bugun zamonaviy agrotexnologiyalar, ilmiy izlanishlar va eksport imkoniyatlari bilan uyg‘unlashib, sohaning yangi bosqichda rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Xususan, bugundan Parkent tumani Zarkent qishlog‘ida an’anaviy “Uzum sayli – 2026” xalqaro festivali boshlandi. Prezidentimizning 2025-yil 24-iyuldagi “Toshkent viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq to‘rtinchi marotaba tashkil etilgan mazkur festival o‘zbek uzumchiligining boy tarixi va bugungi salohiyatini namoyish etish, sohada ilg‘or texnologiyalarni keng joriy qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatimizning turizm imkoniyatlarini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etyapti.

Festival doirasida uzum yetishtirishning an’anaviy usullari, zamonaviy agrotexnologiyalar, mahsulotni saqlash va qayta ishlashning ilg‘or tajribalari namoyish etilmoqda. Shu bilan birga, milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish, o‘zbek uzumchiligi brendini mustahkamlash, noyob uzum navlari va bog‘dorchilik mahsulotlarini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Ta’kidlash lozim, “Uzum sayli” yildan-yilga nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosdagi nufuzli tadbirga aylanib bormoqda. Bu yilgi festivalda ham xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, ekspertlar, soha mutaxassislari, tadbirkorlar hamda yirik vinochilik korxonalari vakillari ishtirok etmoqda. Jumladan, Italiya vinochilik uyushmasi rahbari Leonardo Kommuchi, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi eksperti Sergey Danilov, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining turizmni rivojlantirish yo‘nalishi menejeri Ashgar Mahmuud Sufyan, Toshkent davlat agrar universiteti mustaqil tadqiqotchisi Liu Changxin kabi xorijiy mutaxassislar jalb qilingan.

Festivalga Indoneziya, Turkiya, Serbiya, Rossiya, Koreya, Singapur, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon kabi davlatlardan 30 dan ortiq olim, ekspert va soha vakillari ham tashrif buyurdi. Bu esa “Uzum sayli”ning uzumchilik sohasida tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va investitsiyaviy loyihalarni muhokama qilish uchun muhim xalqaro platformaga aylanayotganidan dalolat beradi.

Festival dasturidan uzumchilik sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyalar, biznes-seminarlar va mahorat darslari ham o‘rin olgan. Ularda uzum yetishtirish samaradorligini oshirish, yangi navlarni joriy etish, zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish, mahsulotni saqlash va qayta ishlash, eksport hajmini ko‘paytirish, shuningdek, xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitiga tatbiq etish masalalari muhokama qilinmoqda.

Xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan sohadagi ilg‘or tajribalar taqdim etildi. Bu jarayon uzumchilikni nafaqat qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i, balki ilm-fan, innovatsiya va eksport salohiyatini birlashtiruvchi yo‘nalish sifatida rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bu imkoniyatlar yangi navlarni yaratish, ko‘chatchilikni rivojlantirish, hosildorlikni oshirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Aslida Toshkent viloyatida uzumchilikning boy tarixi bor. O‘tgan asrning 50–60-yillarida aynan shu hududda 13 turdan ziyod uzum navi yaratilgan. Mashhur uzumchi-seleksioner Rizamat ota Musomuhammedov qariyb 15 yillik izlanish va tadqiqotlari natijasida mahalliy iqlim sharoitiga mos, serhosil uzum navini yaratgan. Bugunga qadar mazkur nav xalq orasida “Rizamat ota” nomi bilan mashhur. Hozir mamlakatimizda yetishtirilayotgan 28 dan ortiq xo‘raki va vinobop uzum navlarining 13 tasi Toshkent viloyatida yaratilgan.
Sohani qo‘llab-quvvatlash, yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi natijasida viloyatda uzumzorlar maydoni 13 ming gektardan 19 ming gektarga yetkazildi.

– Bugun viloyatda uzumchilikni zamonaviy asosda rivojlantirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va eksportbop navlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari J.Bobojonov. – Ayniqsa, joriy yilda ilk bor danaksiz “Avatar” uzum navi yetishtirilib, dastlabki hosil olindi. Mazkur nav 2004-yilda AQSHning “International Fruit Genesis” kompaniyasi olimlari tomonidan yaratilgan bo‘lib, shirinligi, sersuvligi bilan ajralib turadi. Mutaxassislar uning eksport salohiyati yuqori ekanini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, hozir Toshkent viloyatida yetishtirilayotgan uzumning 50 ming tonnadan ortiq qismi 15 ta davlatga, vino mahsulotlari esa 12 ta davlatga eksport qilinmoqda. Kelgusi ikki yilda viloyatda yana 12 ming gektar yuqori hosildor uzum plantatsiyalarini barpo etish rejalashtirilgan. Natijada uzumzorlar maydoni 49 ming gektarga, yalpi hosil esa 520 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar uzumchilikning hudud iqtisodiyotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini, tarmoqda eksportbop mahsulot ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari kengayayotganini ko‘rsatadi.
“Uzum sayli” festivalining Parkentda o‘tkazilishi bejiz emas. Tumanda uzum yetishtirishning o‘ziga xos maktabi shakllangan. Bugun Parkentda 530 dan ziyod fermer xo‘jaligi 15 ming gektardan ortiq maydonda 13 dan ziyod uzum navini yetishtirmoqda. Parkent uzumlari hozirda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda.
Festival doirasida milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni keng targ‘ib etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Mehmonlar uchun hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, milliy taomlar va liboslar namoyishi, hududlarning o‘ziga xos an’ana va urf-odatlarini aks ettiruvchi pavilonlar tashkil etildi.
Festival ertaga ham davom etadi.
A.Musayev,O‘zA