Surxondaryoda V Ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi
FOTOREPORTAJ
Termiz davlat pedagogika institutida “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida V Ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum doirasida tashkil etilgan sho‘’ba mashg‘ulotlarida ta’lim tizimining dolzarb masalalari, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, pedagoglarning kasbiy rivojlanishi, zamonaviy ta’lim usullarini joriy etish va boshqaruv samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, amaliy tavsiyalar bilan tanishdi.
[gallery-31005]
Forumning yakuniy tadbirida viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 280 nafar pedagog ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, ayni paytda Surxondaryo viloyatidagi 978 ta umumta’lim maktabida 555 ming 853 nafar o‘quvchiga 51 mingdan ortiq o‘qituvchi va murabbiy ta’lim-tarbiya bermoqda. Oliy toifali pedagoglar soni 5 ming 382 nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi yetti yilda qariyb to‘rt barobar oshgan.
Chet tillarini o‘qitish sifatini oshirish maqsadida viloyat maktablariga 65 nafar xorijiy mutaxassis jalb etilgan. Shuningdek, 15 ta maktabgacha ta’lim va 182 ta umumta’lim muassasasida inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yilib, 466 nafar bola qamrab olingan.
Tadbirda ta’lim tizimidagi faolligi, tashabbuskorligi va sohani rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh pedagoglarga viloyat hokimining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA