Uzoq umr ko‘rish siri immun tizimidami?
Yaponiyaning Osaka universiteti tadqiqotchilari 100 yoshdan oshgan insonlar immun tizimida o‘ziga xos xususiyatni aniqladi. Qon tahlillari ularda “CD4 CTL” deb ataladigan kamyob immun hujayralari odatdagidan ancha ko‘p ekanini ko‘rsatdi. Bu hujayralar inson qarib borgan sari ko‘payishi kuzatilgan.
Olimlar 28 nafar insonning qon namunalarini uch yosh guruhi bo‘yicha o‘rgandi: 70-99, 100-109 va 110 yoshdan kattalar. CD4 CTL hujayralarining o‘rtacha ulushi guruhlar kesimida 4, 9,6 va 17,6 foizni tashkil etdi. Yoshroq insonlarda esa ular odatda “T” hujayralarining 5 foizidan kam qismini egallaydi.
Tadqiqotchilar ushbu hujayralar organizmda to‘planadigan eskirgan hujayralarni yo‘q qilish hamda o‘smalarni nazorat qilishda ishtirok etishi mumkin, deb hisoblamoqda. Shu jihatdan ularning ko‘payishi sog‘lom qarish va uzoq umr ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli bor. Olimlar hatto juda keksaygan davrda ham immun tizimi organizmdagi o‘zgarishlarga moslasha olishini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, tadqiqot CD4 CTL hujayralari ko‘p bo‘lishi insonning uzoq yashashiga sabab bo‘lishi yoki saratonning oldini olishini isbotlamaydi. Hozircha faqat qonda aylanayotgan “T” hujayralari o‘rganilgan. Keyingi bosqichda olimlar mazkur hujayralarning inson to‘qimalarida qanday faoliyat yuritishini tekshirmoqchi.
Musulmon Ziyo, O‘zA