Migratsiya inqirozi Ispaniya qonunlariga “sovut kiygizmoqda”
Ispaniya hukumati o‘z migratsiya qonunlarini Yevropa Ittifoqining yangi talablariga moslashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yangi tartib boshpana so‘rovlarini rad etish va noqonuniy kelganlarni qaytarish jarayonini tezlashtiradi. Bu o‘zgarishlar YeIning Migratsiya va boshpana bo‘yicha 12-iyundan kuchga kirgan paketi asosida amalga oshiriladi.
Qaror Seutadagi inqiroz hal etilmay turgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Joriy yil iyul oyida Marokashdan Seutaga bir kunda 80 mingga yaqin kishi noqonuniy ravishda o‘tgan. Ularning aksariyati ortga qaytgan, ammo qariyb 5 ming kishi hali ham shaharda qolmoqda. Ular orasida 2 mingga yaqin voyaga yetmaganlar ham bor.
Ayniqsa, hamrohsiz kelgan bolalar masalasi Madrid uchun dolzarb bo‘lib turibdi. Ularni Ispaniya hududiga o‘tkazish rejasi hukumat, konservativ muxolifat va Seuta ma’muriyati o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli to‘xtab qolgan. Yevropa komissiyasi esa mamlakatda qolish uchun huquqiy asosi bo‘lmagan shaxslarni qaytarish, shu bilan birga, bolalar huquqlarini xalqaro me’yorlar asosida himoya qilish zarurligini bildirgan.
Yangi qonun loyihasi Seuta bilan cheklanmaydi. U migrantlarni dastlabki tekshiruvdan o‘tkazish tartibini ham joriy etadi va noqonuniy qayiqlar orqali keluvchilar ko‘paygan Kanar orollariga ham tatbiq qilinadi.
Shuningdek, Ispaniya hukumati vaziyatni milliy xavfsizlik uchun muhim masala deb baholab, choralarni yagona boshqaruv asosida muvofiqlashtirishga qaror qildi. Madrid ommaviy oqimga odam savdogarlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar sabab bo‘lganini aytmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA