UzNIF davlat korxonalarining investitsion jozibadorligini oshirmoqda (+video)
“O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi” AJ tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi” AJ ishonchli boshqaruvchisi, “Franklin Templeton Asset Management” MCHJ XK bosh direktori Marius Dan jamg‘armaning faoliyati, erishilgan natijalar hamda kelgusi rejalari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, UzNIF O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlar dasturi doirasida Prezidentning 2024-yil 27-avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Jamg‘armaning asosiy vazifalari mamlakat kapital bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat korxonalarining qiymatini oshirishdan iborat.
UzNIFning investitsiya maqsadi faol aksiyadorlik, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va kapitalni samarali taqsimlash orqali aksiyadorlar daromaddorligini, shuningdek, bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan sof aktivlar qiymatini oshirishdan iborat. Jamg‘armaning diversifikatsiyalangan portfeli transport, moliyaviy xizmatlar, energetika, kommunal infratuzilma va telekommunikatsiya sohalarida faoliyat yurituvchi 13 ta davlat korxonasidagi 25 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan ulushlarni qamrab olgan.
Janob Marius Danning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yil may oyidan boshlab UzNIF London fond birjasi va “Toshkent” Respublika fond birjasida listing qilingan. “Franklin Templeton, Inc.” kompaniyasining bilvosita sho‘’ba korxonasi hisoblangan Toshkentdagi “Franklin Templeton Asset Management” MCHJ XK UzNIFning ishonchli boshqaruvchisi va aktivlarini boshqaruvchi kompaniya sifatida faoliyat yuritmoqda.
– Biz faoliyatimizni 2025-yil 1-mayda boshladik. O‘tgan 12 oy davomida yirik bitimga erishdik. Milliy investitsiya jamg‘armasining dastlabki ommaviy taklifini amalga oshirdik. Uning doirasida O‘zbekiston hukumati jamg‘armadagi o‘z ulushining bir qismini sotdi.
IPO (aksiyalarning dastlabki ommaviy taklifi) muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Jamg‘arma aksiyalarining ochiq bozorda sotilishi natijasida ularning narxi ham oshdi. Eng muhimi, aksiyalar sof aktivlar qiymatidan biroz yuqori narxda sotilayotgani xalqaro institutsional investorlarning O‘zbekiston bozori va mamlakat salohiyatiga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, transformatsiya jarayonini boshlash maqsadida hukumat, Kuzatuv kengashlari va portfel kompaniyalarining boshqaruv jamoalari bilan hamkorlik qildik.
Endi har bir kompaniyaning alohida o‘sishiga e’tibor qaratamiz. Masalan, “O‘ztelekom”ning so‘nggi bir necha oydagi rivojlanishini alohida qayd etish mumkin. “O‘zbekiston havo yo‘llari” ham e’tiborli aktivlardan biri hisoblanadi. Umuman, portfelimizdagi har bir kompaniyaning istiqbolini yuqori baholaymiz.
Energetika aktivlari jamg‘arma portfelidagi eng yirik sektor bo‘lib, aktivlar bazasining 37 foizini tashkil etadi. Biz ushbu kompaniyalar kelgusida yanada yuqori qiymat yaratishiga ishonamiz.
Menimcha, butun portfel bo‘yicha Kuzatuv kengashlaridagi yangilanishlar muhim natija bo‘ldi. Biz barcha 13 ta kompaniyada korporativ boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirdik.
Bu oldinga tashlangan katta qadam. Kuzatuv kengashlari darajasidagi muhokamalarda sezilarli o‘zgarishlarni ko‘ryapmiz va bu kompaniyalarning kelgusidagi transformatsiyasi uchun yaxshi natija beradi, deb hisoblaymiz. Shunday qilib, 13 ta davlat kompaniyasining boshqaruvida katta qadam tashlandi. Bunga O‘zbekiston hukumati, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Prezident Administratsiyasining qo‘llab-quvvatlovisiz erisha olmagan bo‘lardik.
Keyingi bosqichda portfelimizdagi kompaniyalarni kapital bozoriga olib chiqish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Jumladan, “O‘ztelekom”, “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarini ommaviy bozorga chiqarish rejalashtirilgan.
SQB mamlakatdagi uchinchi yirik bank hisoblanadi. Kuchli kapital bozori ekotizimi uchun yirik bankning ham listingdan o‘tishi muhim. Shu bois SQBning IPOga chiqadigan bank bo‘lishini istaymiz. Ushbu bitimlarni tayyorlash ustida har kuni samarali ishlayapmiz. Birinchi shunday bitim 2027-yilda amalga oshishini kutyapmiz, – dedi Marius Dan.
Tadbir yakunida jurnalistlarning savollariga jamg‘arma mutasaddilari tomonidan javob berildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/c4mAvHS5UBY" title="UzNIF davlat korxonalarininginvestision jozibadorligini oshirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Nasiba Ziyodullayeva,
Doniyor Yoqubov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (videomontaj),
O‘zA