Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni nishonlandi
Poytaxtimizda 18-aprel – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jalol Arashov uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlarning ahamiyatini aholi yuksak qadrlayotganini alohida ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Qayd etilganidek, sohada qabul qilingan muhim dastur va loyihalarning o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishi, eng avvalo, ishchi-xodimlarning fidokorona mehnati, kasbiy mahorati va mas’uliyati samarasidir. Bugungi kunda poytaxtdagi ko‘plab xonadon egalari tomonidan kommunal xizmatlar sifati yaxshilanayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, soha vakillariga chuqur minnatdorlik izhor etilmoqda.
[gallery-28798]
Mamlakatimizda uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimini modernizatsiya qilish, aholining turmush darajasi va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan islohotlar so‘nggi yillarda izchil va tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar natijasida sohada nafaqat infratuzilma yangilanmoqda, balki xizmat ko‘rsatish sifati, boshqaruv samaradorligi hamda qamrov darajasi bo‘yicha ham ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Bugungi kunda respublikada 45 ming 663 ta ko‘p kvartirali uy mavjud bo‘lib, ularda 1 million 608 mingdan ortiq xonadon joylashgan. Shundan 41 ming 848 ta uy 1 ming 47 ta boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan, 866 ta uy 227 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan, 526 ta uy bevosita mulkdorlar tomonidan boshqarilmoqda. Yana 2 ming 423 ta uy turli idora va tashkilotlar tasarrufida.
Bu ko‘rsatkichlar uy-joylarning qariyb 92 foizi professional boshqaruv tizimi bilan qamrab olinganini ko‘rsatadi. Bu esa so‘nggi yillarda sohada bozor mexanizmlari va raqobat muhiti shakllanganidan dalolat beradi.
- Sohada ta’mirlash va modernizatsiya ishlari yildan-yilga kengaymoqda, - deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva. - So‘nggi 9 yil davomida 3,7 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 51 mingga yaqin ko‘p kvartirali uy ta’mirlandi, 3,5 mingta lift uskunasi yangilandi. 2025–2026-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 9 ming 812 ta uyda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu o‘tgan mavsumdagi 5 ming 409 ta uyga nisbatan qariyb 1,8 barobar ko‘pdir. Shu bilan birga, boshqaruv tashkilotlari tomonidan qo‘shimcha ravishda 6 ming 457 ta uyda 117 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Bu xususiy sektorning sohadagi faolligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Kommunal xizmatlar tizimida issiqlik ta’minoti alohida o‘rin tutadi. Respublika bo‘yicha 16 ming 610 ta ko‘p kvartirali uy va 2 ming 543 ta ijtimoiy ob’ekt markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan.
2026-yilda qo‘shimcha ravishda 581 ta uy va 292 ta ijtimoiy ob’ekt ushbu tizimga ulandi. Tizim infratuzilmasi 525 ta qozonxona va 3 710 kilometr issiqlik tarmoqlarini o‘z ichiga olgan. 2025-yilning o‘zida 63 ta yangi qozon o‘rnatildi, 144,4 kilometr tarmoq qurildi, 93,3 kilometr tarmoq ta’mirlandi. Energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilishi natijasida 13,8 million kub metr tabiiy gaz va 15,2 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaldi.
Ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda 42 ming kilometrdan ortiq ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda 3,4 mingta inshoot qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 63 foizdan qariyb 83 foizga yetkazildi. 2026-yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 85 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 82,8 foizni tashkil etmoqda.
Oqova suv xizmatlari bilan qamrov darajasi 21,8 foizni tashkil etmoqda. Joriy yilda 883,8 kilometr tarmoq va o‘nlab inshootlar qurilishi uchun 1,188 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Kommunal sohada raqamlashtirish jarayonlari ham keng joriy etilmoqda. “Mening uyim” billing tizimi orqali qariyb 42 ming ko‘p kvartirali uy va 1,5 million abonent qamrab olingan.
“Xavfsiz lift” platformasi orqali 17 mingga yaqin lift uskunalari doimiy nazoratga olingan. Shuningdek, “Turar joy” milliy axborot tizimi orqali uylarning texnik holati va infratuzilma ma’lumotlari yagona bazaga jamlanmoqda. Shu bilan birga, 703 ta uyda ichki issiqlik tizimlari tiklanmoqda. Bu orqali 30 ming xonadon yoki 105 ming nafar aholining yashash sharoiti yaxshilanishi kutilmoqda. Shuningdek, 830 ta chiqindi maydonchasi, 878 ta bolalar maydonchasi, 258 ta umumiy hojatxona qurilishi rejalashtirilgan.
Bayram tadbirida fidoyi xodimlar mehnati e’tirof etildi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan tizimda ko‘p yillardan beri mehnat qilib kelayotgan soha xodimlari va mehnat faxriylari “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” ko‘krak nishoni, qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Ushbu natijalar ortida minglab fidoyi mutaxassislarning mehnati mujassam. Ularning kasbiy mahorati, mas’uliyati va mehnatsevarligi sohani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar izchil davom ettirilib, kommunal xizmatlar tizimi kelgusida yanada zamonaviy va samarali bo‘lishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA muxbiri