Ustozlarga ehtirom — yuksak qadriyat
Inson hayotida shunday kasblar borki, ularning mehnati jamiyat taraqqiyoti va kelajak avlod taqdiri bilan chambarchas bog‘liq. O‘qituvchilik ana shunday sharafli va mas’uliyatli kasblardan biridir.
Zero, har bir avlodning bilimli, ma’rifatli va yuksak maqsadlar sari intilishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyos.
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan poytaxtimizda qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Bayram munosabati bilan tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida jamlanib, “Mustaqillik monumenti” poyiga gul qo‘ydi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jamoasi, ustoz va murabbiylar, ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdi.
Gul qo‘yish marosimida ishtirokchilar mamlakatimiz mustaqilligi, tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etdi. “Mustaqillik monumenti” poyiga qo‘yilgan gullar yurtimiz ozodligi va osoyishtaligiga, Vatan ravnaqiga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasi bo‘ldi.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi tadbir davomida xalqimizning ko‘p asrlik boy tarixi, milliy davlatchilik an’analari, buyuk ajdodlarimizning jasorati va ma’naviy merosi yana bir bor yodga olindi.
Ayniqsa, bugungi kunda yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat va yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalashda o‘qituvchi va murabbiylarning mas’uliyati yanada ortib bormoqda. Shu ma’noda, ustozlarning kasbiy faoliyati nafaqat ta’lim berish, balki jamiyatning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar ustozlarga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning amaliy ifodasidir.
Bayram tadbirlari davomida ta’lim sohasida mehnat qilayotgan fidoyi ustozlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va yosh avlod kamoloti yo‘lidagi xizmatlari yana bir bor e’tirof etilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA