B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchilar ishdan bo‘shatiladimi?
Xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 sertifikati talabi yana kun tartibiga chiqdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozircha sertifikati yo‘q pedagoglar ishdan olinayotgani yo‘q.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talabi bilan bog‘liq yangi tartib taklif etilgan.
Loyiha qabul qilinsa, belgilangan sertifikatga ega bo‘lmagan ayrim o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Hujjat bo‘yicha taklif va mulohazalar 12-avgustga qadar qabul qilingan.
Nega bu masala muhim?
Aslida B2 talabi yangi emas. 2021-yilda qabul qilingan tartibda davlat ta’lim muassasalariga yangi ishga qabul qilinayotgan xorijiy til o‘qituvchilaridan kamida B2 darajasidagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat talab qilinishi belgilangan.
Shuningdek, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ishlayotgan barcha xorijiy til o‘qituvchilari 2025/2026 o‘quv yiliga qadar kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi kerakligi nazarda tutilgan. Biroq, sertifikatning mavjud emasligi mehnat shartnomasini bekor qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy asos sifatida aniq belgilanmagan edi. Yangi loyiha aynan shu masalani huquqiy jihatdan aniqlashtirishni ko‘zlagan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ko‘rsatmasiga ko‘ra, hozirda B2 sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari maktablarda faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Yakuniy tartib Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadigan qaror bilan belgilanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA