Ustozlarga ehtirom — yoshlarga ibrat
Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug‘" degan hikmat bor. Bu ibora zamirida inson kamoloti, kasbiy mahorati va hayotda o‘z o‘rnini topishida ustozning o‘rni beqiyos ekani mujassam. Zero, ustoz faqat bilim beruvchi emas, balki shogirdga kasb sirlarini o‘rgatadigan, uning qadamlarini to‘g‘ri yo‘naltiradigan, murakkab vaziyatlarda tajribasi bilan yo‘l ko‘rsatadigan ma’naviy tayanchdir.
Ayniqsa, muayyan sohada ko‘p yillar samarali mehnat qilgan, o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilgan faxriylarning hayotiy va kasbiy tajribasi yosh avlod uchun tayyor darslikka teng. Ularning bosib o‘tgan yo‘li, mehnat jarayonida duch kelgan sinovlari va orttirgan saboqlari keyingi avlod vakillari uchun muhim yo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” ham ana shu ezgu qadriyatlarni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Uchrashuvda adliya organlarida uzoq yillar samarali mehnat qilgan soha faxriylari, bugungi avlod vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi. Turli davr vakillarining bir davrada jam bo‘lishi oddiy muloqotdan ko‘ra kengroq mazmun kasb etib, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlik, kasbiy vorislik va tajriba almashinuvi uchun o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.

Faxriylarning xotiralari orqali yoshlar adliya tizimining kechagi kuni, uning bugungi taraqqiyot bosqichlari va sohada mehnat qilgan insonlarning faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, yillar davomida shakllangan kasbiy tajriba, ishga mas’uliyat bilan yondashish, insonlar bilan muloqot qilish madaniyati va murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish kabi ko‘nikmalar haqidagi fikrlar yoshlar uchun muhim hayotiy saboq bo‘ldi.
Zero, huquq sohasidagi bilimni kitob va darsliklar orqali egallash mumkin. Ammo, kasbning nozik jihatlari, inson taqdiri bilan bog‘liq mas’uliyatni his etish, qonun talablarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, har qanday vaziyatda xolislik va adolat tamoyillariga sodiq qolish kabi fazilatlar ko‘p jihatdan hayotiy tajriba orqali shakllanadi.

Muloqotlarda kasbga sadoqat, mas’uliyat, halollik va qonun ustuvorligi tamoyillariga amal qilishning ahamiyatiga alohida urg‘u berildi. Chunki adliya sohasida faoliyat yuritadigan mutaxassisdan yuksak huquqiy bilim bilan bir qatorda adolatparvarlik, xolislik, prinsipiallik va inson taqdiriga mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.
Faxriylar yoshlarga kasb tanlash va uni egallash jarayonida bilim bilan bir qatorda mehnatsevarlik, intizom va doimiy izlanish muhim ekanini ta’kidladilar. Ular o‘z tajribalaridan kelib chiqib, yosh mutaxassislarni qonunchilikdagi o‘zgarishlarni muntazam o‘rganish, zamonaviy bilimlarni egallash va tanlagan kasbiga sadoqat bilan xizmat qilishga chaqirdilar.
Tadbir davomida soha faxriylariga O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan samimiy minnatdorlik bildirildi. Ularning adliya tizimi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, ko‘p yillik mehnati va yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni alohida e’tirof etildi.
Faxriylarga esdalik sovg‘alari topshirilishi esa ularga bo‘lgan hurmat va ehtiromning amaliy ifodasi bo‘ldi. Shuningdek, adliya tizimida o‘zining tashabbuskorligi, faolligi va namunaviy mehnati bilan ajralib turgan yoshlar ham faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Bu orqali tadbirda nafaqat ustozlarga ehtirom ko‘rsatish, balki ularning munosib izdoshlari bo‘lgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va ularning mehnatiga munosib baho berishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bugun adliya tizimida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar uchun katta avlod vakillarining hayotiy va kasbiy tajribasi muhim maktabdir. Zero, bugungi yosh mutaxassis ertaga o‘zidan keyingi avlodga tajriba o‘rgatadigan ustozga aylanadi. Ana shu uzviylik kasbiy vorislikni ta’minlab, sohada shakllangan ezgu an’analarning davomiyligini kafolatlaydi.
A.Musayev,O‘zA