Ustozga ehtirom — qalbdagi abadiy minnatdorlik
Inson hayotida shunday insonlar bo‘ladiki, ular bilan uchrashuvi, ulardan olgan ta’limi va eshitgan har bir nasihati yillar o‘tgan sari yanada qadrli bo‘lib boradi. Ularning hayotimizdagi o‘rnini vaqt o‘tib yanada chuqurroq anglaymiz. Ana shunday ulug‘ insonlar ustozlardir.
Ustoz insonga faqat bilim bermaydi. U qalbga ma’rifat nurini olib kiradi, dunyoqarashni kengaytiradi, yaxshi bilan yomonni, ezgulik bilan yovuzlikni farqlashga o‘rgatadi. Ustozning bir og‘iz so‘zi ba’zan insonning butun hayot yo‘lini o‘zgartirishi mumkin. Shu ma’noda, ustozlik oddiy kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, katta matonat va inson qalbiga qilingan buyuk xizmatdir.
Mening hayotimda ham shunday aziz va qadrli ustozlar bor. Ular orasida falsafa fanlari nomzodi, dotsent Farida Saipnazarovnaning alohida o‘rinlari bor. Men ham Farida Saipnazarovnadan ta’lim olgan shogirdlaridan biriman. Shuning uchun u kishi haqida yozish men uchun oddiy xotira emas, balki ustoz oldidagi samimiy minnatdorligimni izhor etish imkoniyatidir.
Ustozdan olgan bilimlarim, darslardagi suhbatlarimiz, inson va jamiyat haqidagi teran fikrlari, hayotga munosabatlari, talabalarga bo‘lgan samimiy e’tiborlari hamon yodimda. Yillar o‘tib, inson o‘z hayoti va kasbiy faoliyatiga nazar tashlar ekan, kimlardan ta’lim olgani, kimlarning sabog‘i unga yo‘l ko‘rsatganini yanada yaxshi anglaydi.
Ilm va ustozlikka bag‘ishlangan umr
Saipnazarova Farida Saipnazarovna — Toshkent davlat agrar universitetida ko‘p yillar samarali ilmiy-pedagogik faoliyat olib borgan, falsafa fanlari nomzodi, dotsent, mohir pedagog, tadqiqotchi va jamoatchilik faoli.
Farida Saipnazarovna 1977–2013-yillarda Toshkent davlat agrar universitetining Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasida ilmiy-pedagogik faoliyat olib borib, o‘zining boy tajribasi, yuksak pedagogik mahorati, ilmga sadoqati va kasbiga fidoyiligi bilan universitet jamoasi va minglab talabalar hurmatini qozongan.
Ustozning pedagogik faoliyati yillar bilan o‘lchanmaydi. Uning samarasi — shogirdlari, ularning yutuqlari, hayotda tutgan o‘rni va qalbida saqlanib qolgan ustozlik xotiralari bilan belgilanadi.
Farida Saipnazarovna ham o‘zining ko‘p yillik mehnati davomida ana shunday katta va ma’naviy boy meros yaratgan ustozlardandir.
2013-yildan nafaqada bo‘lishiga qaramay, u kishi ilm-fan va ta’lim sohasidan uzilib qolmagan. Bugungi kunda ham universitet jamoasi, hamkasblari va shogirdlari bilan yaqin aloqada bo‘lib, o‘zlarining ko‘p yillik tajribasi, hayotiy kuzatishlari va boy ilmiy salohiyati bilan atrofdagilarga ko‘maklashib kelmoqdalar. Buning o‘zi ham ustozlik kasbi insonning faqat mehnat faoliyati emas, balki butun umrlik maqsadi va qalb ehtiyoji ekanini ko‘rsatadi.
Mohir pedagog
Farida Saipnazarovna o‘z faoliyati davomida mohir pedagog sifatida o‘z o‘quv uslubiga ega bo‘lganlar. U kishi uchun dars faqat ma’ruza o‘qish yoki ma’lumot berishdan iborat emas edi. Ustoz talabani fikrlashga, savol berishga, mushohada yuritishga, voqea va hodisalarning mohiyatini anglashga o‘rgatar edilar. O‘sha davrning o‘zidayoq o‘quv jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etishga, nazariy bilimlarni hayot bilan bog‘lashga alohida e’tibor qaratganlar. Darslarni qiziqarli, mazmunli va hayotiy misollar bilan boyitib borganlar. Ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitishda talabaning mustaqil fikrlashi, dunyoqarashi, ma’naviy kamoloti va hayotga faol munosabatiga katta ahamiyat berganlar. Talabalar bilan turli festivallar, tanlovlar, ekskursiyalar, badiiy kechalar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishlari ham ularning pedagog sifatidagi serqirra faoliyatidan dalolat beradi.
Farida Saipnazarovna talabaga shunchaki diplom oladigan yosh mutaxassis sifatida emas, balki kelajakda oila quradigan, farzand tarbiyalaydigan, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ladigan inson sifatida qaraganlar.
Shuning uchun ham ularning tarbiyasida kasbiy bilim bilan bir qatorda odob, axloq, ma’naviyat, oilaparvarlik, elparvarlik, insonparvarlik va Vatanga sadoqat kabi tushunchalar alohida o‘rin egallagan.
Ustozning shogird qalbida qoldirgan izi
Ustozning eng katta yutug‘i — uning shogirdlari. Yillar o‘tib, auditoriyalar, ma’ruzalar, dars jadvallari va imtihonlar ortda qoladi. Ammo ustozning aytgan gaplari, bergan maslahatlari, mehr bilan qilgan tanbehlari va qo‘llab-quvvatlagan lahzalari inson xotirasida qoladi. Farida Saipnazarovnadan ta’lim olgan shogirdlar ham bugungi kungacha ustozlari bilan aloqalarini uzmaganlari bejiz emas. Chunki haqiqiy ustoz bilan shogird o‘rtasidagi munosabat diplom bilan tugamaydi. Bu munosabat umrbod davom etadi. Men ham yillar o‘tishi bilan ustozimdan olgan saboqlarimning qadrini yanada chuqurroq anglab bormoqdaman. O‘sha davrda oddiydek tuyulgan ayrim fikrlar, maslahatlar va hayotiy mulohazalarning aslida naqadar katta ma’no kasb etganini bugun yanada yaxshi tushunaman.
Ayol — oila, tarbiya va jamiyatning ma’naviy tayanchi
Farida Saipnazarovnaning hayot yo‘li haqida so‘z yuritganda, u kishining ayol sifatida oila va jamiyatda tutgan o‘rniga alohida to‘xtalish o‘rinlidir.
Ayol — avvalo, oila mehri va fayzining timsoli. Ona sifatida farzand tarbiyasiga mas’ul, oilada mehr-oqibat muhitini yaratadi. Ammo ayolning vazifasi faqat oila doirasi bilan cheklanib qolmaydi. Bugungi ma’rifatli ayol — ona ham, murabbiy ham, olim ham, pedagog ham, jamoat arbobi ham, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi faol shaxs ham bo‘la oladi.
Farida Saipnazarovnaning hayot yo‘li ana shu uyg‘unlikning yorqin namunasidir. U kishi oilaga mehr va sadoqatni, kasbga fidoyilikni, ilmga intilishni va jamiyat oldidagi mas’uliyatni bir-biriga uyg‘unlashtira olganlar. Mening nazarimda, ayolning buyukligi ham shunda — u oilasining fayzu barakasini asragan holda, o‘z bilimi va mehnati bilan jamiyatga ham nur va naf beradi. Farida Saipnazarovna ana shunday ziyoli, ma’rifatli, mehribon va fidoyi ayol sifatida ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelmoqdalar.
Ilm rivojiga bag‘ishlangan samarali faoliyat
Farida Saipnazarovnaning ilmiy izlanishlari asosan oila fenomenining ijtimoiy-falsafiy masalalari, o‘zbek oilasining tarixi, milliy oilaviy qadriyatlar va ularning jamiyat hayotidagi o‘rniga bag‘ishlangan. U kishi o‘z tadqiqotlarida oilaning jamiyatdagi o‘rni, milliy qadriyatlarning avloddan avlodga o‘tishi, oilaviy munosabatlarning ma’naviy asoslari kabi muhim masalalarga e’tibor qaratganlar. Ularning ilmiy va o‘quv-uslubiy merosi salmoqli. Xususan, 5 ta monografiya, 8 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 50 dan ortiq ilmiy, siyosiy va ommabop maqolalar yaratganlar. Ularning gender tengligi masalalariga bag‘ishlangan ilmiy maqolasi Scopus tizimidagi xalqaro ilmiy jurnalda chop etilgani ham ustozning ilmiy izlanishlari xalqaro ilmiy maydon bilan bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatadi.
Farida Saipnazarovna xorijiy tajribalar bilan tanishish va kasbiy malakasini oshirish maqsadida AQSHning Nyu-Pals universiteti, Malayziyaning Sedaya kolleji va Turkiyaning Giza universitetida ilmiy stajirovkalarda ishtirok etganlar. Demak, ustozning hayot yo‘lida ta’lim, ilm-fan, pedagogik mahorat va doimiy izlanish bir-birini to‘ldirib kelgan.
Ustoz — jamoaning ma’naviy boyligi
Farida Saipnazarovna universitet hayotida faqat pedagog sifatida emas, balki faol tashkilotchi va jamoatchilik ishlarining tashabbuskori sifatida ham munosib o‘rin tutganlar. Universitetdagi ijtimoiy va ma’naviy hayotda faol ishtirok etib, hamkasblar va talabalar bilan turli tadbirlar, uchrashuvlar va ma’rifiy kechalar tashkil etishda o‘z hissalarini qo‘shganlar. Bugun ham jamoa bilan yaqin aloqada bo‘lib, hamkasblar va shogirdlar bilan samimiy munosabatlarini davom ettirib kelayotganlari — ustozga bo‘lgan hurmatning ifodasidir. Chunki insonning haqiqiy qadri lavozimi bilan emas, odamlar qalbida qanday xotira qoldirgani bilan belgilanadi.
Mehnat va xizmatlarning munosib e’tirofi
Farida Saipnazarovnaning ko‘p yillik ilmiy-pedagogik mehnati, ta’lim sohasiga qo‘shgan hissasi va kasbiga fidoyiligi munosib taqdirlangan. U «O‘zbekiston Oliy ta’lim a’lochisi», I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonlari, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil», «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil», «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25 yil» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Bu mukofotlar ustozning ko‘p yillik mehnati va ta’lim sohasiga qo‘shgan hissasining munosib e’tirofidir.
75 yosh — fayzli va mazmunli umrning go‘zal pallasi
Bu yilgi 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni Farida Saipnazarovna hayotida yanada quvonchli va unutilmas sana sifatida muhrlanadi. Aziz ustozimiz shu kunda 75 yoshni qarshi olmoqdalar. 75 yosh — inson umrining shunday bir fasliki, unda o‘tgan yillarga nazar tashlab, bosib o‘tilgan yo‘lning ma’nosi va qadri yanada teran anglanadi. Bu — farzandlar, oila, shogirdlar, hamkasblar, do‘stlar va yaqinlar bilan o‘tgan yillar; ilmga bag‘ishlangan umr; darslar, kitoblar, ilmiy izlanishlar; shogirdlarga berilgan saboqlar; ezgu ishlar va yaxshi xotiralarga boy davrdir.
Nodira Raupova,
biologiya fanlari doktori, professor