Kadrlar institutning o‘zida tayyorlanadi
Yangiyer shahrida 2027-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan yangi korxona uchun 550 nafarga yaqin malakali kadrni Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida tayyorlash rejalashtirilmoqda. Bu masala Vengriyaning «Hungerit Zrt.» kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi.
Muloqotda kompaniya vakillari yangi ishlab chiqarish korxonasining asosiy qismi Yangiyer shahrida barpo etilishini ma’lum qildi. Korxona uchun kadrlar tayyorlashda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali bilan hamkorlik qilish, mutaxassislarni tanlash va ularning kasbiy malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Yangi ishlab chiqarish korxonasi uchun oziq-ovqat texnologiyasi, muhandislik-texnologiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va texnologik jarayonlarni boshqarish kabi yo‘nalishlarda mutaxassislarga ehtiyoj mavjud. Shu munosabat bilan institutda ushbu sohalarga mos ta’lim yo‘nalishlariga talabalarni keng jalb etish, korxona ehtiyojidan kelib chiqib, yangi va istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda kadrlarni maqsadli tayyorlash bo‘yicha fikr almashildi.

— Hamkorlik doirasida talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Xususan, talabalarni Vengriyada faoliyat yuritayotgan sohaga ixtisoslashgan korxonalarga amaliyot va stajirovkaga yuborish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari hamda Yevropa tajribasini o‘rganish rejalashtirilmoqda, — deydi filial direktori Zafar Hakimov.
Bu jarayonda xorijda orttirilgan amaliy tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish, o‘quv dasturlarini ish beruvchi talablariga moslashtirish va bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur investitsion loyihani 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. Korxonada zamonaviy, jahon standartlariga mos ishlab chiqarish texnologiyalari asosida yiliga 25 ming tonna parranda mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Yangi ishlab chiqarish quvvatining tashkil etilishi nafaqat shaharda yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki ularni zamonaviy kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar bilan ta’minlashni ham taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, institut va kompaniya o‘rtasidagi hamkorlik ta’lim mazmunini ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish va korxona uchun zarur mutaxassislarni oldindan tayyorlashga qaratilmoqda.
Uchrashuv yakunida kadrlar tayyorlash, talabalarni tanlash, xorijiy amaliyot va stajirovkalarni tashkil etish hamda kelgusida korxona uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri