Ustoz va murabbiylarga ehtirom
Andijonda "Sizga ta’zim, ustozlar!” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Andijondagi “Yakkasaroy” tantanalar saroyida tashkil etilgan viloyat bayram tadbirida ta’lim-tarbiya sohasida samarali mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylar, soha ilg‘orlari, faxriylar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov barcha ustozlarni kasb bayramlari bilan muborakbod etib, mamlakatimizda nafaqat o‘qituvchi va murabbiylar, balki turli sohalarda faoliyat yuritib, bugun keksalik gashtini surayotgan ustozlar, mehnat faxriylariga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotganligi, ustozlarning jamiyat taraqqiyoti, inson kamolotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta ekanligini alohida ta’kidladi.

– Ustozlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi, – deydi Shuhratbek Abdurahmonov. – Shu ma’noda ustozlarimizni, o‘qituvchi va murabbiylarimizni har qancha e’zozlasak, ehtirom ko‘rsatsak yarashadi. Chunki ular qaysi soha vakili bo‘lmasin, samarali mehnatlari, yuzlab shogirdlarga o‘z kasbining sir-asrorlarini o‘rgatgan, shogirdlar kamoli, ularning unib-o‘sishi uchun bor kuch-g‘ayratini baxshida etgan qadrdon insonlardir.


Shuningdek, tadbirda ta’lim sohasida ko‘p yillik samarali mehnati, tashabbuskorligi va ibratli faoliyati bilan hamkasblariga namuna bo‘lib kelayotgan ilg‘or ustozlarning mehnati alohida e’tirof etildi. Bir guruh faol, fidoyi ustoz va murabbiylar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbirida ustozlarning sha’niga chiroyli so‘zlar aytildi, dil izhorlari bildirildi.

El suygan san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy, qo‘shiq va raqslar, namoyish etilgan badiiy dastur barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari