Ustoz va murabbiylar mehnati yuksak e’tirof etildi
FOTOREPORTAJ
Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan pedagoglarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyat faollari, nuroniylar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
[gallery-31740]
Tantanali marosimda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirish, pedagoglarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning samarali mehnatini munosib rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, yosh avlodni bilimli, yuksak ma’naviyatli va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, ta’lim sifatini oshirishda ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyos. Shu bois pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish va fidokorona mehnatini qadrlash davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi.
Prezident Farmoniga binoan davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar orasida Andijon viloyatida uzoq yillardan buyon ta’lim-tarbiya sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh pedagoglar ham bor.
Marosimda viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov mukofot egalariga yuksak e’tirof va e’tibor ramzi bo‘lgan davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.
Mukofotlangan ustoz va murabbiylar bildirilgan yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida ham ta’lim-tarbiya sifatini yuksaltirish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirish hamda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida sidqidildan mehnat qilishlarini ta’kidladilar.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA