Ustoz shoiraning yangi kitoblari – tuyg‘u, harorat, hissiyotning mevasi
Ustoz shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Farida Afro‘zning “Tanlangan asarlar” to‘plami hamda “Shuur” nomli kitobi yurtimiz adabiyot muxlislari uchun o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi. O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida mazkur kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev, taniqli jurnalist va adib Xurshid Do‘stmuhammad va boshqalar Farida Afro‘z ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida so‘zladi.
– Har bir kitobning yaratilishi o‘ziga xos bayramdir, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. – Taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblarga shoira Farida Afro‘zning orzulari, armonlari, iztiroblari, qalb kechinmalari jamlangan. Ushbu kitoblar go‘zal qalb kashfiyotlarini o‘zida mujassam etgani bilan diqqatga sazovor.
[gallery-30240]
– Faridaning yozganlari tuyg‘uning, haroratning, hissiyotning mevasi, – dedi filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Uning ijod namunalarini ko‘pincha g‘aybga daxldor atash mumkin. Bu go‘zal she’rlar san’atkorlar tomonidan maromiga yetkazib ijro etilgan. Shu sababli Farida Afro‘z she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar millionlab tinglovchilarning qalbini zabt etgan. Uning she’rlarini ilohiy tuyg‘ular junbushi deb ham atash mumkin. Aslida uning yuragida qancha armon, qancha iztirob to‘lib yotibdi. Bu ijod namunalarini ham faylasuf, ham shoir, ham qismatga isyon qilgan bandaning nolalari, deyish mumkin.
– Faridaning she’rlari odamni o‘ziga rom etib qo‘yadi, — dedi adib va publitsist Xurshid Do‘stmuhammad. – Uning she’rlari guldirab, olovdek, zilziladek bo‘lib, odamlarning qalbiga cho‘g‘dek bo‘lib kiradi. Bu she’rlarda shoira tesha tegmagan gaplarni va ularning ifodasini ham katta mahorat bilan topa oladi.
Adabiy anjumanda Farida Afro‘z ijodi haqida, uning yangi kitoblari haqida batafsil so‘z yuritildi. Ustoz shoira mazkur kitoblarning yaratilishi tarixi xususida gapirdi. Go‘zal she’rlardan namunalar o‘qildi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA muxbirlari