Ustoz jurnalistlar – soha taraqqiyotining mustahkam poydevori
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Samimiy ruhda tashkil etilgan tadbirda jurnalistika sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan, o‘zining boy tajribasi, ijodiy izlanishlari va kasbga sadoqati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriy jurnalistlar, soha vakillari hamda yosh ijodkorlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ustoz va murabbiylarning jamiyat hayotidagi o‘rni, ularning yosh avlod tarbiyasi va kasbiy kamolotidagi beqiyos hissasi haqida fikrlar bildirildi. Zero, har qanday kasbning shakllanishi va rivojida ustozlarning o‘rni beqiyos. Jurnalistika sohasida esa bu haqiqat yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki jurnalist nafaqat yozish va axborot yetkazish mahoratini, balki kasb mas’uliyati, xolislik, fidoyilik va odamlar bilan muloqot qilish madaniyatini ham ustozlardan o‘rganadi.

Tadbirda jurnalistika sohasining bugungi qiyofasi, uning rivojlanish tendensiyalari va istiqbollari xususida atroflicha fikr almashildi. Ayniqsa, zamonaviy axborot makonida yuz berayotgan o‘zgarishlar, raqamli texnologiyalarning ommaviy axborot vositalari faoliyatiga ta’siri, jurnalist oldida turgan yangi vazifalar xususida mulohazalar bildirildi.
Muloqot davomida so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov jurnalistika sohasida ustozlarning o‘rni haqida to‘xtalib, ularning ko‘p yillik mehnati va tajribasi bugungi avlod jurnalistlari uchun muhim maktab ekanini ta’kidladi.
– Jurnalistika – doimiy izlanish, mehnat va mas’uliyatni talab qiladigan kasb, – dedi uyushma raisi Shuhrat Oripov.– Bu sohada o‘z o‘rnini topish, el ishonchini qozonish uchun inson avvalo kasbini sevishi, haqiqatga sodiq bo‘lishi kerak. Ana shu fazilatlarni shakllantirishda ustozlarning o‘rni alohida.

Kontent tayyorlash markazi bo‘lim boshlig‘i Elbek Dolimov ham zamonaviy jurnalistika oldida turgan vazifalar haqida fikr yuritdi. Bugun axborot tezligi bilan bir qatorda uning sifati, ishonchliligi va jamoatchilik uchun ahamiyati ham muhim ekani qayd etildi. Ayniqsa, yangi media imkoniyatlaridan samarali foydalanish, auditoriya talabini o‘rganish va mazmunli kontent yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbirda shoir va noshir Muhiddin Omon, faxriy jurnalistlar Jabbor Razzoqov, Sherzod G‘ulomov, Nasiba Ibrohimova, Muxtor Xudoyqulov ham o‘zlarining hayotiy va kasbiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Faxriy jurnalistlar o‘z chiqishlarida jurnalistika sohasidagi ilk qadamlari, ustozlaridan olgan saboqlari, kasbiy faoliyat davomida duch kelgan turli sinovlar va ulardan chiqarilgan xulosalar haqida so‘zlab berdilar. Xotiralar bilan yo‘g‘rilgan samimiy suhbat tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ayniqsa, ustoz jurnalistlarning o‘z shogirdlariga nafaqat kasbiy bilim, balki hayotiy saboq bergani, ularni mas’uliyatli va fidoyi inson sifatida shakllantirishga harakat qilgani haqidagi fikrlar e’tiborga molik bo‘ldi.

Muloqot davomida mamlakatimizda ochiqlik va so‘z erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jurnalistlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va sohada kuzatilayotgan o‘zgarishlar haqida ham fikr almashildi. Ta’kidlanganidek, bugun jurnalistdan tezkorlik bilan bir qatorda chuqur tahlil, mas’uliyat, xolislik va kasbiy mahorat ham talab etilmoqda.
Axborot oqimi tobora tezlashib, auditoriyaning axborotga bo‘lgan ehtiyoji va uni qabul qilish usullari o‘zgarayotgan bir sharoitda jurnalistning vazifasi ham kengayib bormoqda. Endi jurnalist faqat voqeani yorituvchi emas, balki uning mohiyatini tushuntiruvchi, tahlil qiluvchi va jamoatchilikka ishonchli ma’lumot taqdim etuvchi mutaxassis sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tadbirda jurnalistika mehnatsevar va fidoyi insonlar kasbi ekani alohida ta’kidlandi. Zero, matbuot sahifalarida, teleekran va radio to‘lqinlarida, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinayotgan har bir sifatli material ortida katta mehnat, izlanish va mas’uliyat mujassam.

Suhbatlar davomida ustozlar yaratgan ijodiy maktablar bugungi yosh jurnalistlar uchun ibrat namunasi ekani qayd etildi. Ularning kasbiy faoliyati, jurnalistik uslubi, voqealarga munosabati va odamlar bilan ishlash mahorati keyingi avlod vakillari uchun o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini o‘tayotir.
- Ustozdan o‘rganish – kasb sirlarini bilishning eng samarali yo‘llaridan biri. Jurnalistikada kitobdan yoki darslikdan o‘rganib bo‘lmaydigan jihatlar bor. Uni amaliyotda, ustozning yonida, voqealar ichida o‘rganasiz, - degan mazmundagi fikrlar tadbir davomida bir necha bor yangradi.
Tadbirda yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish, tajribali jurnalistlar bilan ijodiy muloqotlarni muntazam yo‘lga qo‘yish muhimligi ham qayd etildi. Bunday uchrashuvlar avlodlar o‘rtasidagi ijodiy bog‘liqlikni mustahkamlash, yoshlarning jurnalistikaga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bayram tadbiri davomida ustozlarga hurmat va ehtirom ifodasi sifatida samimiy tilaklar bildirildi. Ularning jurnalistika sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi, ko‘p yillik fidokorona mehnati va shogirdlar tarbiyasidagi xizmatlari e’tirof etildi.
Darhaqiqat, ustozning mehnati yillar o‘tgani sayin o‘z qadrini yanada namoyon etadi. Bugun mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida samarali faoliyat yuritayotgan ko‘plab jurnalistlarning kasbiy shakllanishida o‘z vaqtida ularga yo‘l ko‘rsatgan, qalamiga ishonch bergan, jurnalistik mas’uliyatni anglatgan ustozlarning munosib hissasi bor.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ustoz jurnalistlar bilan yana bir bor suhbatlashib, ularning xotira va tavsiyalarini tingladilar. Samimiy muloqotlar, kasbga oid fikrlar va hayotiy tajribalarga boy uchrashuv ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.

«O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbir nafaqat bayramona uchrashuv, balki jurnalistika sohasida avlodlar davomiyligi, ustoz-shogird an’analari va kasbga sadoqat kabi qadriyatlarni yana bir bor namoyon etgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Zero, zamon va texnologiyalar o‘zgarishi mumkin, ammo ustozning kasbga muhabbat, halollik, mas’uliyat va fidoyilik borasida bergan saboqlari o‘z ahamiyatini hech qachon yo‘qotmaydi.
Nazokat Usmonova, O‘zA