Cho‘lpon – yurt, millat ozodligi kurashchisi
(1938-yil 4-oktabrda Cho‘lpon otib o‘ldirilgan edi)
Har bir millatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa, milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam. Sir emaski, yetmish yildan ortiq davr mobaynida davom etgan sobiq sho‘ro tuzumi davrida xalqimizning ana shu tuyg‘usi toptaldi, tariximizni xolis o‘rganishga, milliy, diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga yo‘l qo‘yilmadi.
XX asr boshidagi oktabr to‘ntarishi oqibatida Turkistonda zo‘rlik bilan o‘rnatilgan mustamlakachi sovetlar tuzumi birinchi kundan boshlab shu zaminda yashayotgan xalqlar boshiga son-sanoqsiz qirg‘inlar, dahshatli va alamli kulfatlar olib keldi. Bu dahshatli tuzimni xalqlarimiz qabul qilmadi. Turkiston zamining ilg‘or vakillari istiqlol, erk va milliy-ozodlik uchun kurash olib bordi. Turli manbalarda ta’kidlanishicha, bu kurashda 1 million 900 ming nafar turkistonliklar Vatandan bosh olib, xorijiy mamlakatlarga chiqib ketdi, Sibirga, Uzoq Shimolga, Ukrainaga, Shimoliy Kavkazga, Uralga, Qozog‘istonga, Uzoq Sharqqa, Kavkaz, Volgabo‘yi hududlariga badarg‘a qilindi.
– Ayniqsa, 1937-1938-yillarda o‘ta mudhish voqealar yuz bergan, – deydi Andijon davlat universiteti qoshidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov. – Xususan, 1937-yilning 10-avgustidan 1938-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonda o‘n ming yetti yuz kishi qamoqqa olingan. Bulardan 3613 kishi otildi, 7087 kishi 8-10 yil muddatga qamaldi.
Qatag‘on, avvalo, din xizmatchilari, ziyolilar, jadidchilik harakati vakillariga qaratildi. Minglab ziyolilar asossiz, nohaq, uzoq muddatga qamaldi, surgun qilindi, otib tashlandi.
Ana shunday nohaqliklarga uchragan ziyolilardan biri millat fidoyisi, jadidchilik harakati faoli Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon edi. U 1937-yil 13-iyulda qamoqqa olingan va 1938-yilning 4-oktabrida (ayrim manbalarda 5-oktabr deyiladi) “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan.
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon 1897-yilda Andijon shahrining Qatorterak (hozirda Navoiy shohko‘chasi) mahallasida savdogar – bazzoz Sulaymonqul Muhammadyunus o‘g‘li oilasida tavallud topgan.
Cho‘lponning otasi o‘z davrining yetuk ziyolisi, ma’rifatparvar kishisi bo‘lgan. U “Rasvo” taxallusi bilan she’rlar yozgan, devon yaratgan.
Abdulhamid Cho‘lpon zamona taqozosiga ko‘ra, dastavval diniy ilm oladi, so‘ng arab, fors va rus tillarini o‘rganadi. Turk va tatar muallimlaridan zarur dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hisob ilmini puxta egallaydi.
Cho‘lponning ijodi 1913-1914-yillardan boshlangan bo‘lib, u avval “Qalandar”, “Mirzaqalandar”, “Andijonlik” va nihoyat “Cho‘lpon” (Tong yulduzi) taxallusi bilan ijod qildi. U ham shoir, ham nosir, ham dramaturg sifatida o‘zbek adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shdi.

XIX asrning 2-yarmida jadidchilik harakati yuzaga kelib, uning namoyandalari tomonidan harakat g‘oyalari keng targ‘ib etildi. Asr oxirida Turkiston o‘lkasiga kirib kelgan mazkur harakat g‘oyalari dastavval ta’lim tizimini isloh etish, zamonaviy – yangi usul maktablarini joriy qilishni ko‘zda tutdi. 1899-yilda Andijonda ham ilk jadid maktablari ochildi. Cho‘lpon ham matbuot orqali jadidchilik g‘oyalari bilan tanishib, unga ergashdi. 17 yoshlaridanoq shu ruhda asarlar yaratdi. 1913-yili jadidchilik harakatining yetakchisi Ismoil G‘aspraliga xat yozib, uning e’tiborini qozondi. Shu davrdan boshlab o‘z maqsadini yurt istiqloli va taraqqiysiga safarbar etishga bel bog‘ladi va umrining oxiriga qadar bu yo‘ldan qaytmadi.
O‘zbekiston milliy davlatchiligi tarixidagi ilk demokratik davlat sifatida 1917-yil noyabr oyida Qo‘qonda tashkil etilib, atigi 72 kun umr kechirgan “Turkiston muxtoriyati” turkiy xalqlarning o‘zligini anglashi, istiqlol uchun kurashlari yo‘lidagi ilk qadamlardan biri bo‘lgan edi.
Turkiston muxtoriyati tashkil topishi bilanoq, uning shodiyonasiga atab “Ozod turk bayrami” marshini yozgan 20 yoshli Cho‘lpon muxtoriyatga ko‘p umid bog‘laydi. Uni olqishlab, she’rlar va maqolalar yozadi.
Cho‘lponning otasi Sulaymonqul Qo‘qonda chiqadigan “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining Andijondagi vakili va muxbiri bo‘lgani uchun bo‘lajak shoir hayotida, uning shakllanishida bu gazetaning roli katta bo‘lgan. Sekin-asta u asr boshlarida shakllangan xalq ommasini yangilikka, ma’rifatga yetaklagan, Turkistonni jahon miqyosida tanilishi uchun kurashgan jadidlar harakati, faoliyati bilan tanishadi. Jadidlar rahbari Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’limoti yosh shoirda katta taassurot qoldiradi.
Shoir o‘ziga Cho‘lpon taxallusini 1914-yilda Munavvar qori tavsiyasiga ko‘ra olganligi manbalarda qayd etiladi. Shundan boshlab o‘z asarlari bilan matbuotda faol qatnashib, ijodiy doirasini kengaytirib boradi. 1922-yilda “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamida 12 ta she’ri e’lon qilinadi. Shu yili uning ilk mustaqil to‘plami “Uyg‘onish” chop etiladi. 1923-yilda “Buloqlar”, 1926-yilda “Tong sirlari”, 1935-yilda “Soz” to‘plamlari, shuningdek, 1936-yilda “Kecha va kunduz” romani nashr etiladi.
Arab, fors va rus tillarini mukammal bilgan Cho‘lpon o‘tgan asrning 20-yillaridan boshlab badiiy tarjima bilan ham shug‘ullanadi. U rus va jahon adabiyotining 50 ga yaqin mashhur asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, o‘ziga xos tarjima maktabini yaratgan.

Cho‘lponning butun faoliyati aynan matbuot bilan chambarchas bog‘liq desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 1914-1915-yillarda “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona” gazetalari bilan hamkorlik qilgan Cho‘lpon 1915-1917-yillarda Andijonda chop etilgan “Turkestanskiy golos” gazetasi tahririyatida ishlagan. 1919 Farg‘ona shahrida chop etilgan “Yangi Sharq” gazetasi tahririyatida faoliyat olib borgan. 1919-1921-yillarda Rossiya Telegraf Agentligining Toshkent Eski shahar bo‘limi rahbari va ayni paytda o‘zbekcha devoriy “Ro‘sTO” gazetasi muharriri bo‘lib ishlaydi. 1920-yil yoz mavzumida Ro‘sTOning Andijon Eski shahar bo‘limi rahbari va gazetaning mas’ul muharriri vazifalarini bajargan.
1921-yil may oyidan 1922-yil iyun oyiga qadar “Buxoro axbori” gazetasi mas’ul muharriri va bir muddat Buxoro jumhuriyati davlat nashriyoti mudiri vazifalarini bajaradi. 1922-yilda Toshkentda “Inqilob” jurnali va “Turkiston” gazetalarida faoliyat olib boradi. 1923-yilning may oyidan boshlab Andijonda tashkil etilgan “Darxon” gazetasida ishlaydi.
1924-25 yillar mobaynida “Farg‘ona”, “Turkiston”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalarida muxbir sifatida ish olib borgan. 1934-yildan Toshkentda yashab, “Mushtum”, “Guliston” jurnallari va “Teatr” gazetasida ishlaydi.
Kenglik hayollari uchdimi ko‘kka
Butun umidlarni yovlarmi ko‘mdi?
Mangu tutqunlikka kirdimi o‘lka?
Xayolda porlagan shamlarmi so‘ndi?
Kechaning jon olg‘ich qorong‘uligi,
Najod yulduzini xayolmi bildi?
Shuncha tutqunlarning haqqi, haqligi
Bir hovuch tuproqqa qurbonmi bo‘ldi?
(“Amalning o‘limi” she’ridan)
Cho‘lpon asarlarida yuqorida keltirilgan satrlar kabi milliy ruh, istiqlol, vatan mavzulari, xalqning qayg‘u, dard-alamlari, nohaqlik baland pardalarda kuylangani mustabid tuzumga yoqmaydi. Shu bois, shoir har qadamda ta’qib qilina boshlaydi.
1927-yilda Cho‘lponga nisbatan qattiq qoralov kampaniyasi avj oladi. Shundan so‘ng Cho‘lpon bir muddat matbuotdan chekinib, tarjima va teatr sohasida faoliyat yuritadi. Afsuski, bunday sovuq munosabat u qamoqqa olingunga qadar davom etadi.
Doimiy ta’qib va qoralashlar ortidan Cho‘lpon 1937-yil 13-iyulda qamoqqa olinadi va 1938-yilning 4-oktabrda Toshkentda “xalq dushmani” sifatida otib tashlanadi.
Abdulhamid o‘g‘li Cho‘lpon 1956-yilda SSSR Oliy sudining Harbiy hay’ati qarori bilan uning faoliyatida jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli vafotidan so‘ng rasman oqlanadi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng Cho‘lpon shaxsiga bo‘lgan tarixiy haqiqat to‘la tiklandi. Uning barcha asarlari chop etildi. 1997-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi.
Andijon shahrida Cho‘lpon bog‘i va maydoni tashkil etilib, ushbu maydonga uning haykali o‘rnatildi.

Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Abdulhamid Cho‘lpon yodgorlik bo‘limi” tashkil etildi. Muzeyda Cho‘lpon hayoti, faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab eksponat, kitob va qo‘lyozmalar saqlanmoqda.
– Cho‘lpon tug‘ilib-o‘sgan xonadon saqlanib qolmaganligi uchun uning nomi bilan ataluvchi bog‘da, alohida binoda yodgorlik muzeyi bunyod qilingan, – deydi muzey xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Iskandar Madg‘oziyev. – Muzey ekspozitsiyasi zamon talablariga mos tarzda 2019-2021-yillarda to‘la yangilangan bo‘lib, Cho‘lpon hayoti va ijodiy faoliyatini o‘zida aks ettirgan 13 qismdan iborat.
Bundan tashqari, mening tashabbusim, jamoamiz sa’y-harakati bilan Cho‘lpon tavalludining 130 yilligi oldidan “Sulaymonqul - Volai Rasvo. Abdulhamid Cho‘lpon. Foiqa Sulaymon qizi. Sarchashma” deb nomlangan yangi kitob nashr etildi.
Kitobdan Sulaymonqul bazzoz – shoir Volai Rasvo hamda uning ikki farzandi – Abdulhamid Cho‘lpon va Foiqaxonlarning sara ijod namunalari o‘rin olgan. To‘plamning qimmatli tomoni mutasavvif shoir Volai Rasvoning vafotidan qariyb bir asr o‘tib, adabiy merosi jamlangan qo‘lyozma devonidagi she’rlardan namunalar arab imlosidan joriy yozuvga tabdil qilinib, ilk bor nashr etildi. Shuningdek, kitobga Abdulhamid Cho‘lponning yangi aniqlangan va bugunga qadar e’lon qilinmagan 20 ga yaqin she’rlari, shoirning kichik singlisi Foiqaxon Sulaymon qizi qalamiga mansub she’riy mashqlar hamda uning akasi haqidagi xotiralari kiritilgan.
Cho‘lpon ana shu kitobga kiritilgan o‘zining yangi topilgan, avval e’lon qilinmagan she’rlaridan birida shunday yozadi:
Tazallum bodi sarsardek kelib kechdi diyorimdan,
Shu soatdan beri hech bir xabar yo‘q nozli yorimdan.
Diyorim uzra bepayon qorong‘u kechalar ko‘rmoq,
Judo qildi meni oxirgi sabru ham qarorimdan.
Ko‘tarmoq istadim bir dam asoi ixtilolimni,
Yana yondi diyorim ul ko‘targan ixtilolimdan.
Samarsiz chiqdi isyonim, havoga ketdi afg‘onim,
Hadar bo‘ldi qaro qonim, shararlar chiqdi jonimdan.
Qadam qo‘ygan edim bir yo‘lg‘akim, poyoni yo‘q erdi,
Kirib ul yo‘lg‘a ayrildim tamomi xonumonimdan.
Qalandar, fikri zikrimni diyorim zulfina bog‘lab,
Kechib ketdim bu olamdan kerakmas e’tiborimdan.
Andijonda faoliyat olib borayotgan Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi tomonidan esa shoir hayoti, faoliyati va ijodini keng targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Andijonda “Cho‘lpon izdoshlari” an’anaviy respublika yosh ijodkorlar seminar-tanlovi o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. An’anaviy tarzda o‘tkaziladigan ijodiy tanlovda mamlakatimizning ijodkor yoshlari nazm, nasr, publitsistika va bolalar adabiyoti yo‘nalishlaridagi ijodiy ishlarini namoyish etadi.

Kelgusi yili Cho‘lpon tavalludiga 130 yil to‘ladi. Nasib etsa, ana shu sana ham xalqimiz tomonidan munosib nishonlanadi. Qolaversa, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY Yozuvchilar uyushmasining yaqinda Andijonda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid tomonidan kelgusi yilni TURKSOYga a’zo mamlakatlarda “Cho‘lpon yili” deb e’lon qilinishi yuzasidan taklif kiritildi. Nasib etsa, ana shu taklif e’tiborga olinib, Turkiy davlatlarda 2027-yil – Cho‘lpon yili, deb e’lon qilinsa ajab emas. Bu shubhasiz, Cho‘lpon ijodining butun turk dunyosida yanada ommalashishiga xizmat qiladi.
Istiqlol ma’rifatparvar, yurt, millat ozodligi kurashchisi Abdulhamid Cho‘lpon ijodiga yangi umr berdi. Mustaqillik sharofati bilan uning xotirasiga cheksiz hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda, faoliyati, ijodi keng o‘rganilmoqda, targ‘ib etilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz Cho‘lpon singari yurt, millat fidoyilarini hech qachon unutmaydi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri