Qashqadaryoda maktab o‘quvchilari xitoy tilini o‘rganmoqda
Qarshi shahridagi 23-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlari kengaymoqda. Ta’lim muassasasida xitoy tili bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.
Darslarni xitoylik mutaxassis Vang Na olib bormoqda. Mashg‘ulotlarda o‘quvchilarga xitoy tilining asosiy qoidalari, kundalik muloqotda ishlatiladigan so‘z va iboralar, to‘g‘ri talaffuz hamda amaliy nutq ko‘nikmalari o‘rgatilmoqda.
Darslarning odatiy nazariy mashg‘ulotlardan farqli jihati shundaki, o‘quvchilar tilni uning ona tilida so‘zlashuvchi mutaxassis bilan bevosita muloqot jarayonida o‘zlashtirmoqda. Interaktiv usullardan foydalanilayotgani esa bolalarning darsdagi faolligini oshirish, yangi so‘z va iboralarni amaliyotda qo‘llash imkonini bermoqda.
Mashg‘ulotlar jarayonida o‘quvchilar xitoy tili bilan bir qatorda mamlakatning madaniyati va an’analari haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda. Bu esa til o‘rganishni faqat grammatik qoidalar va lug‘at boyligini o‘zlashtirish emas, balki boshqa xalqning madaniyati va dunyoqarashini anglash jarayoniga aylantirmoqda.
[gallery-31750]
Bugungi kunda yoshlarni bir nechta xorijiy tilni bilishga o‘rgatish ularning kelgusidagi ta’lim va kasbiy imkoniyatlarini kengaytirishda muhim omillardan biri sifatida qaralmoqda. Shu ma’noda, maktabda xitoy tilini o‘rganish uchun yaratilgan bunday imkoniyat o‘quvchilarning tilga qiziqishini oshirish bilan birga, ularni xalqaro muloqotga tayyorlashga ham xizmat qiladi.
Eng muhimi, tilni maktab yoshidan o‘rganish va uni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish o‘quvchilarda erta bosqichdanoq yangi bilimlarga qiziqish, muloqot madaniyati va turli til muhitlariga moslashish ko‘nikmasini shakllantiradi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari