Ustoz hurmati
Ustozlarning biz uchun qilgan mehnatlari behisob va beqiyosdir. Bu haqda ko‘plab maqollar to‘qilgan, she’ru dostonlar yozilgan, rivoyatlar aytilgan.
1-oktabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni
Masalan, bir maqolda “Ustoz otangdan ulug‘” deyiladi. Bu yerda albatta gap ustozning otadan ulug‘ligiga emas, ustozning inson hayotida tutgan o‘rni naqadar katta ekanligiga ishora qilingan. Yana bir rivoyatda aytilishicha, Hazrat Alisher Navoiy sulton Husayn Boyqora bilan otda sayr qilib yurganlarida, ularning oldilaridan bir yosh bola chiqib qoladi. Shunda ulug‘ shoir otdan tushib, bola bilan so‘rashadi. Hayron bo‘lgan podsho buning sababini Alisher Navoiydan so‘raganlarida, u kishi “Bu bola ustozimning o‘g‘illari edi. Shuning uchun ustoz hurmatlariga otdan tushdim” degan ekanlar. Darhaqiqat, ustozlar oldida doimo ta’zimdamiz, hurmatdamiz.

Bayram arafasida ana shularni o‘ylar ekanman, xayolimdan ushbu satrlar kechdi:
Cheksiz mehr bilan menga boqdilar,
Qalbimga ilmdan chiroq yoqdilar,
O‘qisang, ertang ham porloq dedilar –
Mehribon, fidoyi, chin ustozlarim.
Bilmasam, erinmay o‘rgatdi ular,
Adashsam, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi ular,
Tilimni bulbulday sayratdi ular –
Mehribon, fidoyi, chin ustozlarim.
Har bir yutug‘imdan osmonda boshi,
Sevinchdan to‘kilar ko‘zidan yoshi,
Ha, chindanam ular qalbim quyoshi –
Mehribon, fidoyi, chin ustozlarim.
Yuksakka intil deb zina bo‘lishdi,
Ba’zan ota, ba’zan ona bo‘lishdi,
Men uchun doimo fido bo‘lishdi –
Mehribon, fidoyi, chin ustozlarim.
Sizlarni unutmoq gunohi azim,
Sizlarga umrbod qilarman ta’zim,
Baxtliman, siz mendan bo‘lsangiz rozi –
Mehribon, fidoyi, chin ustozlarim.
O‘zim Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi 37- maktabda (1966 -1976-yillarda) tahsil olganman. Men ham ko‘pchilik qatori, birinchi sinfga borgan paytlarim na o‘qish, na yozishni bilardim. Maktabimizning asosiy binosi Turk qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, u ancha uzoq bo‘lganligi sabab, unga qo‘shni bo‘lgan Qoratosh, Sho‘rcha, Beshkal qishloqlaridagi bolalar 3-sinfgacha o‘z qishloqlaridagi maktablarda o‘qir, 4-sinfdan boshlab esa asosiy binoda o‘qishni davom ettirishardi. Men ham 3-sinfgacha o‘z qishlog‘imizdagi (oldin kimningdir uyi bo‘lgan) maktabda tahsil olganman.
O‘sha paytlari bog‘cha sovxoz markazi Juma qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, bizning qishloqdan 3-4 kilometr uzoqlikda edi. Shu sabab bog‘chaga borolmaganman. Bir so‘z bilan aytganda, “g‘irt savodsiz” bo‘lganman. Men uchun dastlab harflar aytilishini o‘rganib, keyin esa ularni yozishni o‘zlashtirish oson kechmagan. Lekin birinchi o‘qituvchimiz Mamarashid Isoqulovning katta yordamlari tufayli bu qiyin ishni muvaffaqiyatli uddalashga erishganman. Keyin harflarni bir-biriga qo‘shib o‘qishni o‘rgandim. Sonlarni tanish va ularni yozish ham o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Ancha mashaqqat chekishimga to‘g‘ri kelgan. Ustozimiz bizga o‘qish, yozishni katta chidam, sabot bilan o‘rgatishdan aslo charchamasdilar. Lekin tahsil jarayonida bir marta ham asabiylashganlarini, jahli chiqib, bizga baqirganlarini yoki qo‘l ko‘targanlarini ko‘rmaganman. Yuzlaridan tabassum arimasdi. Biror marta ham darsni qoldirganlarini eslay olmayman. Juda intizomli, o‘ziga talabchan inson edilar. Ammo o‘sha intizom, tartibni bizdan ham talab qilardi.

Uch oylik ta’tilga chiqqan paytlarimizda ham bizga O‘qish kitobidan she’rlarni yodlab, arifmetikadan misol va masalalarni yechib kelish uchun topshiriqlar berardilar. Ustoz buni biz bolalar ta’tilni faqat o‘yinlar bilan o‘tkazib, o‘qish, yozish va hisobni butkul unutib yubormasligimiz uchun qilardi. Biz ham ustozning bu topshiriqlarini ta’tilgacha bekmu ko‘st bajarib kelardik. Ustoz ham albatta yozganlarimizni sinchiklab ko‘rib, baholab chiqardi.

Ustozning bizga yaxshi ta’lim berganlarni shundan ham bilsa bo‘ladiki, u kishidan dastlabki tahsilni olganlar keyingi o‘qish jarayonlarida qiynalishmagan, a’lo baholarga o‘qiganlar. Maktabni tugatishganlaridan so‘ng, ularning qariyb 90 foizi oliy o‘quv muassasalarida tahsil olishga muvafffaq bo‘lishdi.
Ustozimiz Mamarashid Isoqulov qariyb 50 yil davomida o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berdi. Elning hurmat-e’tiboriga sazovar bo‘ldi. Viloyat, tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan turli xildagi ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. O‘zlaridan o‘chmas iz – yorqin xotira qoldirdi. Quyidagi she’rimni ham ustoz xotirasiga bag‘ishlaganman:
Bir paytlar bilmasdim oddiy harfni,
Kaltak deb o‘ylardim hatto alifni,
dildan aytaman ushbu ta’rifni:
Naqadar ulug‘siz, buyuksiz ustoz!
Kitobday oftobga oshno etdingiz,
Nuriga bir umr tashna etdingiz,
Qarasam, Xizrga o‘xshab ketdingiz,
Naqadar ulug‘siz, buyuksiz ustoz!
“Besh” olsak, ko‘zingiz kulardi kunday,
“Ikki” dan yuzingiz qorayib tunday,
“Faqat a’lo o‘qing” derdingiz tinmay,
Naqadar ulug‘siz, buyuksiz ustoz!
Bekorga ketmadi mehnatlaringiz,
Bizni deya chekkan zahmatlaringiz,
Sizgadir ehtirom, rahmatlarimiz,
Naqadar ulug‘siz, buyuksiz ustoz !
Ha, ustozlarning beqiyos xizmatlari, bergan bilim va saboqlari yurtimiz taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilishi barobarida biz shogirdlarning ongu shuurlari, qalblarida ham mangu saqlanadi, hech qachon unutilmaydi.
Turob NIYOZ,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir