O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan islohotlar natijalariga yuksak baho berildi
Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hukumatlararo kengashi XI majlisi doirasida O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov kengashga a’zo davlatlarning prokuratura organlari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish hamda mavjud kelishuvlarga aniq amaliy mazmun bag‘ishlash masalalari muhokama qilinib, muhim kelishuvlarga erishildi.
Xususan, Belarus Respublikasi Bosh prokurori Dmitriy Gora bilan uchrashuvda normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, raqamli yechimlardan foydalanish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish yo‘nalishlarida tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori Aleksandr Gutsan bilan muloqot yakunlari bo‘yicha Agentlik va Rossiya Bosh prokuraturasi o‘rtasida 2027 - 2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Mazkur hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertiza, idoralararo hamkorlik va muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, kadrlar malakasini oshirish, yoshlarda korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish, shuningdek, xalqaro tashabbus va loyihalarni birgalikda amalga oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Uchrashuvlarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosati natijasida O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning natijalariga yuksak baho berildi.
Xorijiy hamkorlar mamlakatimizning xalqaro korrupsiyaga qarshi kun tartibini shakllantirishdagi faol ishtiroki tobora kengayib borayotganini e’tirof etgan holda, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikka asoslangan munosabatlarni izchil davom ettirishga tayyor ekananini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA