Ushot “turizm qishlog‘i”ga aylandi
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Ushot” turizm qishlog‘ining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda respublika Turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sardor Niyazov, Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov, turizm sohasi vakillari, mahalliy aholi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, turizm qishloqlarining iqtisodiy va madaniy ahamiyati, chekka hududlarda xizmatlar sohasini diversifikatsiya qilish va shu orqali yoshlar, xotin-qizlarning muqim bandligini ta’minlashga erishish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi.



Tadbirda Respublika Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi mas’ullari tomonidan Jondor tumani hokimiga Ushot qishlog‘iga “turizm qishlog‘i” maqomi berilgani to‘g‘risidagi sertifikat tantanali ravishda taqdim etildi.


Shuningdek, “Ushot” turizm qishlog‘ida yangi tashkil etilgan turistik manzillar bilan tanishtirish maqsadida ishtirokchilar uchun infotur tashkil etildi. Mehmonlar qishloqdagi mehmon uylari, hunarmandchilik ustaxonalari, milliy non madaniyati xonadoni, boshqa turistik imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.