Urug‘lik tayyorlash ishlari nazoratda
“O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamda Ellikqal’a tuman bo‘limi tomonidan 2027-yil g‘alla hosili uchun tayyorlanayotgan urug‘lik bug‘doylarning belgilangan talablar asosida tayyorlanishi va saqlanishi ustidan nazorat ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, Ellikqal’a tumanidagi “Qoraqalpoqdonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati Bo‘ston don qabul qilish filiali tomonidan 2027-yil hosili uchun qabul qilingan 1 ming 200 tonna urug‘lik bug‘doy “Amirabad Jayroni” mas’uliyati cheklangan jamiyatining urug‘lik sexida amaldagi qonunchilik talablari asosida tayyorlanishi va saqlanishi nazoratga olingan.

Shuningdek, dorilanib, qadoqlangan urug‘lik don to‘dalari sovutqichli omborlarda belgilangan talablar asosida saqlanishi, qadoqlangan qoplar esa raqam va QR-kodli yorliqlar bilan ta’minlanishi “O‘zagroinspeksiya”ning Ellikqal’a tuman bo‘limi tomonidan muntazam nazorat qilib borilmoqda.
Mazkur ishlar sifatli urug‘lik zaxirasini shakllantirish, uning saqlanishini ta’minlash hamda kelgusi mavsumda yuqori hosildorlikka erishishga qaratilgan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri