Adibning kreslosi
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavalludining 100 yilligiga
Maktabni bitirib hayotga erkin qadam bosgunga qadar kelajakda qaysi sohani egallash borasidagi tanlovlar barchada bo‘lgani kabi menda ham o‘zgacha tarzda o‘tgan. Lekin maktab davridayoq jurnalist bo‘lish ishtiyoqini menga maktabimiz direktorining maqtovi uyg‘otgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘sha paytlarda maktab o‘quvchilarining sevimli nashri “Lenin uchquni” gazetasining har bir soni o‘quvchilar nazaridan chetda qolmasdi. Gazetada asosan maktab hayoti mavzusi keng yoritilardi. Gazetada maktublar asosida mamlakatimiz maktablaridagi yangiliklar muntazam berib borilar va aksariyati maktab o‘quvchilari nomidan e’lon qilinardi.
Bir kuni maktabimizda o‘quvchilar orasida o‘tkazilgan tanlov haqida kichik bir axborot yozib, pochta orqali gazeta tahririyatiga jo‘natdim. Gazetaning navbatdagi sonlarining birida mening imzom bilan xabar chop etildi. Barcha sinf o‘quvchilari ishtirokidagi ertalabki yig‘ilishda maktabimiz direktori G‘ulomnazar Egamnazarov gazetani qo‘liga olib, xabarni o‘qib berdi va meni maqtadi. Bir qishloq maktabidagi kichkina bir tadbir haqidagi xabar menga salkam mashhurlikni olib keldi va jurnalist bo‘lish haqidagi orzularimga qanot bag‘ishladi.

Yillar o‘tib bu niyatim ushaldi. Dastlab O‘zbekiston radiosida, so‘ngra “Sovet O‘zbekistoni”, “Yosh leninchi” gazetalarida ishladim. Ilk bor gazetalarda maqolalarim chiqa boshlaganda, kelajakda davrning zabardast ijodkorlari, shoir va yozuvchilar bilan bir safda ishlash baxti nasib etishini xayolimga ham keltirmagandim.
O‘tgan asrning 1987-yillari taqdir meni Odil Yoqubov bosh muharrirlik qilayotgan ziyolilar gazetasi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ga yetakladi. O‘sha paytlarda bu gazetaga ishga kirishni orzu qilmagan jurnalist bo‘lmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Gazeta sakkiz sahifadan iborat bo‘lib, salkam sakkiz yuz ming nusxada chop etilardi.
Ko‘plab nashrlarning tahririyati “Matbuotchilar-32” binosida joylashgan bo‘lib, bu yerda hayot kecha-yu kunduz qaynardi. Chunki respublikadagi yagona “Sharq” nashriyotida gazeta va jurnallar va turli sohaga oid kitoblar bosmadan chiqarilib, barcha hududlarga tarqatilar edi. Binoga kiraverishda do‘kon bo‘lib, bosmaxonadan chiqqan turli nomdagi gazeta va jurnallar, kitoblar savdosi yo‘lga qo‘yilgan edi. U paytlarda gazeta sotadigan do‘konlar juda kam bo‘lganligi sababli kerakli nashrning biror sonini topish ilinjida bo‘lganlar shu yerdan, albatta, izlaganlarini topishgan.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining har bir soni uzog‘i bilan ikki-uch kunda sotilib ketardi. Sababi, gazeta mamlakatdagi eng dolzarb muammolarni ochiq yoritishda boshqa nashrlarga qaraganda ancha ildam edi. Buning uchun esa muharrirda katta yurak, iqtidor, oldindan ko‘ra bilish, vatanparvarlik va shijoat bo‘lishi lozim. Odil Yoqubovda bu fazilatlarning barchasi to‘liq mujassam edi.
Sakkiz sahifalik gazetani bir kunda tayyorlash va uni bosmaxonaga yetkazishning imkoni bo‘lmagan. Chorshanba kuni gazetaning asosan ichki sahifalari tayyorlanib, bosmaxonaga topshirilardi. Qolgan birinchi, ikkinchi va yettinchi, sakkizinchi sahifalari payshanba kuni tayyorlanardi. Odil aka, meningcha, gazeta bosilguncha kechalari ham orom olmagan.
Bir payshanba kuni Odil aka ish boshlanishi bilan ijodiy xodimlarni maslahatga yig‘di. Kechagi topshirilgan ikki sahifani qayta tayyorlash lozimligini aytdi. Hamma hayron bo‘lib turganda mas’ul kotibimiz Mamatqul Hazratqulov: “Odil aka buning iloji yo‘q. Bosmaxona ruxsat bermaydi, keyin unga plyonka, metall tunuka, bo‘yoq kabi yana ko‘plab materiallar ketgan. Bular mablag‘ talab etadi” dedi. Shunda Odil aka, “Siz bu yog‘idan xavotir olmang, xarajatlarini men o‘zim bo‘ynimga olaman. Siz ruxsat oling va ishga kirishing” dedi.
Ikki sahifadagi materiallar olib tashlandi va katta shov-shuvga sabab bo‘lgan maqolalar joylashtirildi. U paytda hozirgidek bir tugmachani bosish bilan hammasi osongina joyiga tushadigan vaziyatlar qayoqda deysiz.

Yana bir misol. Bir kuni Mamatqul aka, qo‘limga o‘n so‘m pul berdilar-da: “Buni Odil aka berdilar. Pastdagi do‘konda nechta gazetamiz qolgan bo‘lsa, hammasini olib chiqing” dedilar. Avvaliga demak nimadir bo‘lgan. Yo gazetada jiddiy xatolik o‘tgan yoki kimdir shu sondan ko‘proq olib qo‘yishni iltimos qilgan deb o‘yladim va do‘kondagi gazetalarni olib chiqdim.
Gazetani sotib olishga men o‘ylagan ikki sabab ham asosli emasligi keyin ma’lum bo‘ldi. Gazeta juma kuni chiqar va uzog‘i bilan seshanba kuni peshingacha turardi. Bu ham har zamonda bir bo‘lardi. Gazeta ikki-uch kun turib qoldimi demak, o‘qiladigan material berilmagan deb tushunilgan ekan. Odil aka ana shunday oriyati kuchli inson edi.
Gazetada uzoq vaqtlar ishladim. Ibrohim G‘afurov, Mamatqul Hazratqulov, Ahmadjon Meliboyev, Murod Abdullayev, Sirojiddin Sayyid, Sa’dulla Hakim, O‘ktam Mirzayorov, Salim Ashurov va yana ko‘plab respublikaning eng ko‘zga ko‘ringan fidoyi jurnalistlari bilan bir safda mehnat qildim. Hammaning o‘z o‘rni va o‘z qarashi bo‘lganidek, Odil Yoqubovning o‘rni va ovozi boshqacha edi. U hazil-mutoyiba, bag‘rikenglik, qo‘li ochiqlik, borini berishlikni ham joyiga qo‘yadigan inson bo‘lgan.

Davr o‘zgardi, dunyoqarash o‘zgardi. Muharrirlar o‘zgardi. Gazeta tayyorlash, kitob nashr etish texnika zimmasiga to‘liq yuklandi. Kompyuter bu mehnatlarni anchagina soddalashtirdi va osonlashtirdi. Shunga yarasha ishxona jihozlari ham zamonaviylik sari yuz burdi. Ko‘rkam mebellar, ixcham o‘rindiqlar va zamonaviy dizaynlar xonalarni yanada yorishtirib yubordi. Shunday bo‘lgach, eskilari ortiqcha bo‘lib qoldi.
Shunday kunlarning birida ishxonaning eski mebellaridan olish uchun bosh muharrirdan ruxsat oldim. Hovlida ortiqcha narsa bo‘lmaydi, kerakli toshning og‘irligi yo‘q, degan maqolga amal qilib Odil Yoqubov o‘tirgan qizil charmli kreslo va o‘ndan ortiq charm stullarni uyga olib ketdim.
Hozir o‘sha kreslo menga mard va tanti, adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, samimiy inson, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovni har lahza esimga tushiradi. Shu bilan birga uzoq yil “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida faoliyat yuritgan ko‘plab qalamkashlarni, tahririyatga tashrif buyurgan ijodkorlarni yodimga soladi. O‘sha qizg‘in ish, samimiy davralarni sog‘inaman.
Asror Sulaymonov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.