Urganch davlat universitetida 27 ming nafar talaba tahsil olmoqda
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida 2026-2027 o‘quv yili qabul jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda universitet rektori Feruza Madrahimova ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlarni universitetning bugungi salohiyati, erishilgan yutuqlari va 2026-2027 o‘quv yili uchun rejalashtirilgan qabul jarayonlari bilan tanishtirdi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti ayni damda Xorazmdagi yirik ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida o‘z faoliyatini izchil rivojlantirib borayotgan oliygoh bo‘lib, uning tarkibida 10 ta fakultet, 43 ta kafedra faoliyat yuritmoqda.
– Universitetimizda 114 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 54 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanmoqda, – deydi universitet rektori Feruza Madrahimova. – Hozirgi kunda universitetimizda jami 27 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Universitetning eng katta boyligi bu uning ilmiy-pedagogik salohiyatidir. Bugungi kunda universitetimizda jami 1200 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Ularning 500 nafarga yaqini ilmiy darajali hisoblanadi. Shuningdek, ta’lim jarayonlariga 50 nafardan ortiq xorijiy professor-o‘qituvchilar ham jalb etilgan.
[gallery-30115]
Darhaqiqat, UrDU QS World University Rankings – 2026 barqarorlik reytingida O‘zbekiston bo‘yicha 4-o‘rinni, Osiyo universitetlari reytingida esa mamlakatimiz bo‘yicha 10-o‘rinni egallagani universitetning xalqaro maydondagi nufuzi ham yildan-yilga mustahkamlanib, ta’lim sifati va ilmiy salohiyati izchil o‘sib borayotganligini ko‘rsatadi.
– Eng muhimi, bugun erishilgan natijalar biz uchun yakuniy manzil emas, – deydi oliygoh rektori Feruza Madrahimova. – Universitetimiz oldiga qo‘yilgan asosiy strategik maqsadlardan biri yaqin ikki yil ichida dunyoning TOP-1000 talik universitetlari qatoridan munosib o‘rin egallashdir. Bugungi kunda Urganch davlat universiteti dunyoning 200 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari va xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Davrning eng muhim voqealaridan biri esa yaqinda Xitoyning yirik sanoat korporatsiyasi XCMG bilan hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilgani bo‘ldi. Bu esa universitetimizning xalqarolashuv darajasi ortib borayotganini, ta’lim va ilm-fan integratsiyasi tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Anjumanda universitet “Qabul komissiyasi” mas’ul kotibi O‘tkir Matyoqubov 2026-2027 o‘quv yili uchun jami 5 ming 931 nafar, o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 1 ming 120 taga yoki 15 foizga ko‘p talabani qabul qilish rejalashtirilganligini ma’lum qildi. Shundan 5 ming 500 ta kvota bakalavriat, 431 ta kvota magistratura bosqichi uchun ajratilgan. Bakalavriat bosqichida 3 ming 550 ta kunduzgi, 400 ta kechki, 1 ming 550 ta masofaviy ta’lim shakllariga ajratilgan.
Matbuot anjumanida 50 nafarga yaqin ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etib, savollariga batafsil javob oldi.
Matbuot anjumani yakunida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan universitet bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh OAV vakillariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari