Umarali Rahmonaliyev «Sabah»ning tarixiy g‘alabasiga hissa qo‘shdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod Umarali Rahmonaliyev o‘ynayotgan Ozarbayjonning «Sabah» klubi o‘z tarixida ilk bor UEFA Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga yo‘l oldi.
Boku shahrida o‘tkazilgan pley-off bosqichining javob uchrashuvida «Sabah» Isroilning «Xapoel» jamoasini qo‘shimcha taymlarda 5:2 hisobida mag‘lub etdi. Birinchi uchrashuvdagi 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin Ozarbayjon klubi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 6:4 hisobida ustun kelib, Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga yo‘l oldi.
Ushbu jamoalarnig javob uchrashuvi juda dramatik ruhda o‘tdi. Bahsning 10-daqiqasida Igor Zlatanovich gol urib, «Xapoel»ni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 38-daqiqada Kristian Nvachukvu hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘limning 61-daqiqasiga kelib Gay Mizraxi isroilliklarni yana oldinga olib chiqdi. Uchrashuvning muhim voqealaridan biri 74-daqiqada yuz berdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod Umarali Rahmonaliyev mezbonlarning ikkinchi goliga mualliflik qilib, hisobni tenglashtirdi.
O‘yinning asosiy vaqtidagi to‘xtalishlar uchun qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar bor e’tiborini hujumga qaratdi. Natijada 90+4-daqiqada Tellur Mutallimov «Sabah»ning uchinchi golini kiritdi — 3:2. Bu esa umumiy hisob tenglashishiga olib keldi va jamoalar qo‘shimcha taymlarga yo‘l oldi. Unda 101-daqiqada Orfe Patrik Mbina va 115-daqiqada Djoy-Lans Mikkels gol urib, «Sabah»ning 5:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa, «Sabah» tarixiy yo‘llanmaga ega chiqdi. «Xapoel» Yevropa ligasi asosiy bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Chempionlar ligasi guruh bosqichi uchun qur’a 27-avgust kuni Monakoda o‘tkaziladi. Musobaqaning umumiy bosqichi 8-sentabrdan start olishi rejalashtirilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA