O‘zbekiston davlat sport akademiyasi talabalari 35 yillikning “35 000 tashabbus” loyihasida faollik ko‘rsatdi
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik shodiyonalari hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi oldidan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi rektori Ilhomjon Tursunaliyev sportchi-talabalar, murabbiylar bilan suhbatlashdi. Muloqot mazmuni mamlakatimizda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi asosida ommaviy sportni rivojlantirish, sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida bo‘ldi.
Uchrashuv davomida akademiya tizimida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning nufuzli musobaqalarda yuksak natijalarni qayd etishi asnosida yurtimizda amalga oshirilayotgan turli yo‘nalishlardagi tashabbuslarda faol qatnashib kelayotgani e’tirof etildi.

Xususan, vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “35 000 tashabbus” umummilliy yoshlar harakatida akademiyaning 100 nafarga yaqin talaba-yoshlari faollik ko‘rsatib, ularning 50 nafardan ortig‘i yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, aholi o‘rtasida jismoniy faollikni keng targ‘ib qilish va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun tegishli sertifikatlar bilan taqdirlangani e’tiborli bo‘ldi.
Bundan tashqari, o‘tayotgan yilning ortda qolgan 8 oyi davomida akademiyaning talaba-sportchilari mamlakat chempionatlari, xalqaro turnirlar, qit’a va jahon chempionatlarida 100 dan ziyod sovrinli o‘rinlarga egalik qildi, O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro arenalarda sarbaland etdi.

Suhbat davomida yaqinda nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan, xalqaro sport arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaklarga ko‘targan iqtidorli talaba-sportchilarning erishgan yutuqlari nafaqat akademiya, balki butun mamlakatimiz sporti uchun katta faxr ekani ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA