Ulug‘bek Usmonov Osiyo chempionati bronza medaliga sazovor bo‘ldi
Bahrayn poytaxti Manama shahrida qilichbozlik bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati davom etmoqda. Musobaqaning erkaklar o‘rtasida rapira yo‘nalishi bo‘yicha shaxsiy bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi vakili Ulug‘bek Usmonov shohsupaga ko‘tarildi.
Ushbu yo‘nalishda Osiyoning turli mamlakat va hududlaridan 47 nafar sportchi ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Gonkong vakili Lau Kenji Sun In oltin, Qatar sportchisi Eldib Adham kumush medalga sazovor bo‘ldi. Ulug‘bek Usmonov va Gonkong vakili Yuen Chi Shun Maykl bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Osiyo chempionati doirasida endi jamoaviy bahslar o‘tkaziladi. Hususan, 1-noyabr kuni erkaklar o‘rtasida shpaga yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi - Kamoliddin Axtamov, Asilbek Ibodullayev, Avazbek Naimov va Meyirxan Timurovdan iborat tarkibda ishtirok etadi.
2-noyabr kuni esa yana ikki yo‘nalishda jamoaviy bahslar bo‘lib o‘tadi. Erkaklar rapirasida U.Usmonov, F.Alimov, A.Atabekov va S.Po‘latov, ayollar shpagasida esa A.Hamidova, D.Ibodullayeva, Z.Hamroboyeva va M.Zuvaydillayeva yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA