4 nafar erkin kurashchimiz bugun jahon chempionatida qatnashadi
Shu kunlarda Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionati bellashuvlari davom etmoqda.
100 ga yaqin davlatning eng mahoratli kurashchilari ishtirok etayotgan dunyo birinchiligining kechagi bellashuvlarida erkin kurashchilarimizdan G‘ulomjon Abdullayev medal uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
“Parij-2024” Olimpiadasi bronza medali sovrindori 1/16 finalda Janubiy koreyalik Kim Chang Songni 6:0, 1/8 finalda Puerto-Riko vakili Smitni 6:2 hisobida taslim etdi. 1/4 finalda rossiyalik Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Zavur Uguyev bilan kechgan murosasiz bahsda hakamlar qaroriga ko‘ra, 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.

G‘ulomjon Abdullayev bronza medali uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bugun, 31-oktabr kuni Abdullayev bronza medali uchun o‘tish bellashuvida KXDR vakili Kvang Myong Kimga qarshi bahs olib boradi.
Shuningdek, bugun kun davomida uch nafar erkin kurashchimiz - Asadbek Saidto‘rayev (-57), Javohir Cho‘liboyev (-74) va Mirzo Hayitov (-79) jahon chempionati bellashuvlarida qatnashadi.
Eslatib o‘tamiz, sportchilarga “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan jahon chempionati 1-noyabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA