Ulug‘ mutafakkirlarimizni xotirlab
Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi” munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Harbiy xizmatchilar, professor-o‘qituvchilar, yoshlar, yozuvchi va shoirlar ishtirok etgan tadbirda buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arboblari bo‘lgan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ijodiy-ilmiy meroslari nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.


Tadbirda Milliy gvardiya “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari g‘azal va ruboyilar o‘qidi.
Tadbir doirasida “Temurbeklar maktabi” va Harbiy musiqa akademik litseyi o‘quvchilarining Alisher Navoiy kutubxonasiga tashrifi tashkil etildi.

O‘quvchi-yoshlarning tariximizga oid bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida urg‘u berildi. Milliy tarixiy manbalar, ajdodlar ma’naviy merosidan foydalanishning ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘quvchilar buyuk ajdodlarimizning kelajak avlod uchun qoldirgan boy ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA