Ukrainadagi 200 dan ziyod yonilg‘i quyish shoxobchasiga zarar yetgan
Bu yil yozda Rossiya kuchlari Ukrainadagi yuzlab yonilg‘i quyish shoxobchasini yo‘q qilish uchun dron va havo bombasidan foydalangan. Bu haqda “Financial Times" Xarkov viloyati kengashi a’zosi Aleksandr Skorikka tayanib yozgan.
Vayron qilingan yonilg‘i quyish shoxobchalaridan kamida 80 tasi Xarkov viloyatiga qarashli.
Ukraina rasmiylari so‘nggi haftalarda hujum ketma-ketligi oshganini ta’kidlagan. Maqolada ta’kidlanganidek, Rossiya front chizig‘idagi hududlarda logistikani buzish, ijtimoiy keskinlikni kuchaytirish va odamlarni ketishga majburlashga moyil. Bundan tashqari nashr Moskva bu zarbalarni o‘z neft va gaz inshootlariga uyushtirilgan hujumga javob sifatida ko‘rishi mumkinligini yozgan.
Ba’zi mintaqalar rasmiylari hayot qiyinlashayotgani, do‘konlarda narx oshishi mumkinligi, shu bilan birga “odamlar raqib tomon doimiy ravishda yangi usullar qo‘llashiga ko‘nikib qolgani”ni ta’kidlagan.
Nashr ta’kidlashicha, Xarkovdan tashqari, hujum Poltava, Donetsk, Dnepropetrovsk va Zaporoje viloyatlariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Front chizig‘idagi ayrim hududlarda yonilg‘i quyish shoxobchalarini qalin beton to‘siq bilan himoya qilishga urinishlar kuzatilyapti.
S.Rahimov, O‘zA