UEFA, OFK va KONKAKAF FIFA rahbariyatini mustaqil tekshiruvga chaqirdi
Uch konfederatsiya FIFAning Jahon chempionati va boshqa tijoriy huquqlarni xususiy investorlarga berish bilan bog‘liq tashabbusidan jiddiy xavotir bildirgan.
UEFA, Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) FIFA’ga ochiq xat yo‘llab, tashkilot rahbariyati faoliyatini mustaqil tekshirishga chaqirdi.
Uch konfederatsiya FIFAning Jahon chempionati va boshqa tijoriy huquqlarni xususiy investorlarga berish bilan bog‘liq tashabbusidan jiddiy xavotir bildirgan.
28 iyul kuni FIFA o‘zining media va tijoriy huquqlarini boshqarish bo‘yicha yangi tuzilma yaratish rejasini ma’lum qilgandi. Rejaga ko‘ra, Jahon chempionati huquqlari ham ushbu tizimga o‘tkazilishi, tuzilmaning 25 foiz ulushi esa xususiy investorlarga 4,2 milliard dollarga sotilishi ko‘zda tutilgan.
Bu tashabbus UEFA, OFK, KONKAKAF va Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) tomonidan rad etildi. Oradan ko‘p o‘tmay FIFA prezidenti Janni Infantino loyihadan voz kechilganini ma’lum qildi.
Shunga qaramay, UEFA, OFK va KONKAKAF FIFA rahbariyatining mazkur jarayondagi harakatlari yuzasidan mustaqil tekshiruv zarur, deb hisoblamoqda.
Konfederatsiyalar ochiq xatida FIFA tomonidan 211 ta a’zo assotsiatsiyaga yuborilgan maktubda jarayonda xatolarga yo‘l qo‘yilgani tan olinganini qayd etdi. Biroq ular vaziyatni oddiy kommunikatsiya muammosi sifatida baholash noto‘g‘ri ekanini bildirdi.
«Futbol hech bir inson yoki tashkilotning mulki emas. Futbolni boshqarish — hokimiyatni egallab turish emas, balki ushbu vakolatni ishonib topshirgan butun futbol oilasiga xizmat qilishdir», — deyiladi murojaatda.
Uch konfederatsiya FIFA’dagi qarorlar qabul qilish jarayonida shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.
«Hisob talab qilinadigan joyda sukunat, ochiqlik zarur bo‘lgan vaziyatda esa begonalashuv hukmron bo‘lmoqda», — deya qayd etilgan bayonotda.
UEFA, OFK va KONKAKAF futbol boshqaruvida konfederatsiyalar va milliy assotsiatsiyalar bilan mazmunli maslahatlashuvlar o‘tkazilishi, muhim qarorlar esa bir tomonlama qabul qilinmasligi kerakligini bildirdi.