Uchrashuv va festival katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Yoshlik — inson qalbida orzu-umidlar qanot yozadigan, dunyoqarash va hayotiy qarashlar shakllanadigan beqiyos davr. Ana shu pallada yosh avlod qalbiga Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik, el-yurt oldidagi mas’uliyat tuyg‘ularini singdirish kelajak poydevorini mustahkamlash demakdir.
Jizzax viloyati Paxtakor tumanida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” hamda “Vatanparvarlik festivali” ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilgani bilan ahamiyatlidir. Jizzax pedagogika texnikumida tashkil etilgan ushbu tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Jizzax garnizonidagi harbiy qism, Harbiy prokuratura, Faxriylar kengashi hamda Migratsiya agentligi hamkorligida o‘tkazildi.
Uchrashuvda yoshlarning bugungi hayoti va kelajak rejalari, ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, huquqiy va ma’naviy savodxonligini oshirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish kabi masalalar muhokama etildi.
Ayniqsa, “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Ogohlik — davr talabi” shiorlari ostida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va giyohvandlikning oldini olish singari dolzarb mavzularda fikr almashilgani e’tiborga molik. Bugun axborot oqimi shiddatli tus olgan bir sharoitda yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash faqat taqiq va ogohlantirishlar bilangina cheklanib qolmasligi lozim. Buning eng samarali yo‘li — yosh avlodda mustaqil fikr, mustahkam e’tiqod, yuksak ma’naviyat va mafkuraviy immunitetni shakllantirishdir.
[gallery-31269]
Muloqot davomida yoshlarga jamiyatda kechayotgan jarayonlarga befarq bo‘lmaslik, har qanday salbiy ta’sir va yot g‘oyalarga nisbatan murosasiz bo‘lish muhimligi tushuntirildi. Zero, yurt taqdiriga daxldorlik hissi avvalo atrofdagi voqea-hodisalarga befarq qaramaslikdan boshlanadi.
Uchrashuvning yana bir muhim jihati shundaki, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mas’ullar bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Ochiq muloqot ruhida bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, mavjud muammolarni bartaraf etish, yoshlarning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Bu kabi muloqotlarning qimmati shundaki, yoshlar o‘zini jamiyatning chetdagi kuzatuvchisi emas, balki uning bugungi va ertangi hayotiga ta’sir ko‘rsatuvchi faol kuch sifatida his qiladi. O‘z fikri tinglanayotganini, tashabbusi qadrlanayotganini anglagan yoshning o‘z kelajagiga, demakki, Vatan kelajagiga ishonchi ham ortadi.
Tadbirning eng hayajonli lahzalari “Vatanparvarlik festivali” doirasida namoyon bo‘ldi. Faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishi, harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Vatanga sadoqat, jasorat va yurtga hurmat tuyg‘ularini tarannum etgan musiqiy chiqishlar yoshlar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.
Aslida, vatanparvarlikni faqat balandparvoz so‘zlar bilangina emas, balki shunday ta’sirchan va jonli muloqotlar, ibratli uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali ham yoshlar ongiga singdirish lozim. Chunki Vatan tuyg‘usi inson qalbida bir kunda paydo bo‘lib qolmaydi. U oiladagi tarbiya, mahalla, maktab, atrof-muhit ta’siri, milliy qadriyatlarga hurmat va yurt hayotidagi faol ishtirok orqali tobora mustahkamlanib boradi.
Paxtakor tumanidagi tadbirda 300 nafar yosh qamrab olingani ham bu yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lamidan dalolat beradi. Biroq bunday uchrashuvlarning haqiqiy samarasi qamrov raqamlari bilangina emas, avvalo, yoshlarning qalbi va hayotida qanday o‘zgarish yasagani bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, yoshlar bilan ochiq muloqotlarni muntazam o‘tkazib borish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, iqtidor va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish muhim ahamiyatga ega. Chunki har bir qo‘llab-quvvatlangan tashabbus — bir yoshning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Har bir tinglangan fikr esa uning jamiyatga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytiradi.
Bugun bilimli, ma’naviy barkamol, tashabbuskor va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash — ertangi taraqqiyotimiz uchun eng katta sarmoyadir. Zero, yurt kelajagi uni sevgan, qadrlagan va taqdiriga befarq bo‘lmagan avlod qo‘lida. Vatanparvarlik esa qalbda shunchaki tuyg‘u bo‘lib qolmay, ezgu maqsad, yuksak mas’uliyat va amaliy harakatga aylangandagina o‘zining haqiqiy qudratini namoyon etadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari