Uchrashuv ezgu g‘oyalar va ilhombaxsh suhbatlarga boy bo‘ldi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Sirdaryo viloyati kengashida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan rahbar va yoshlar uchrashuvi ochiq muloqot, ezgu g‘oyalar va ilhombaxsh suhbatlarga boy tarzda o‘tdi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati Bolalar tashkilotining yetakchi sardorlari, shahar va tumanlardan tashrif buyurgan faol yoshlar hamda Boyovut tumanidagi «Ibrat farzandlari» o‘quv markazining iqtidorli o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov yoshlar bilan samimiy muloqot qildi. Suhbat davomida u hayot va mehnat faoliyatida to‘plagan tajribalari bilan o‘rtoqlashib, bilim olish, kitob mutolaasi, chet tillarini o‘rganish hamda doimiy izlanish insonni yuksak marralarga yetaklashini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarni o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yishga, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan malakali mutaxassis bo‘lib yetishishga chaqirdi.
Tadbirning eng ta’sirli lahzalaridan biri Boyovut tumanidagi xususiy o‘quv markazi rahbari, «Shuhrat» medali sohibi Xurshida Egamberdiyevaning hayot yo‘li haqidagi suhbat bo‘ldi. Turmush sinovlarini matonat bilan yengib o‘tgan, mustaqil ravishda chet tillarini o‘rganib, bugungi kunda yuzlab yoshlarga ta’lim berayotgan ustozning hayot yo‘li ishtirokchilar uchun haqiqiy ibrat maktabiga aylandi. U tadbirdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, o‘z jamoasi bilan kasaba uyushmalari safiga qo‘shilish istagini bildirdi.
[gallery-30682]
Uchrashuvda bolalarning yozgi dam olishini mazmunli tashkil etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kasaba uyushmalari tasarrufidagi «Sirdaryo» bolalar oromgohida dam olgan o‘quvchilar yaratilgan sharoitlar, qiziqarli to‘garaklar, sport musobaqalari va madaniy-ma’rifiy tadbirlar haqida iliq taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
— Bugungi uchrashuv menda juda katta taassurot qoldirdi. Rahbar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olganimizdan juda mamnun bo‘ldik. Ayniqsa, Xurshida Egamberdiyevaning hayot yo‘li haqida eshitganlarim menga katta kuch va ishonch bag‘ishladi. Inson mehnat qilib, bilim olib va o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ysa, har qanday orzusiga erisha olishiga yana bir bor ishondim. Bunday uchrashuvlar biz yoshlarni yanada ko‘proq o‘qishga, izlanishga va kelajak uchun puxta tayyorgarlik ko‘rishga undaydi. Men ham kelajakda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan bilimli va fidoyi inson bo‘lishga intilaman, — deydi «Ibrat farzandlari» o‘quv markazining iqtidorli o‘quvchisi Nigora Majidova.
Tadbir davomida yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Erkin muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning bilim va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda kasaba uyushmalari faoliyati bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA