Bag‘dodda transformator ishlab chiqariladi
Elektr ta’minotidagi uzluksizlik faqat elektr quvvatlarini ishlab chiqarishgagina bog‘liq emas. Bu quvvatni yo‘qotishsiz iste’molchiga yetkazish ham muhim. Buning uchun turli bosimga chidamli transformatorlar zarur.
Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida transformator ishlab chiqarish korxonasi faoliyat yuritmoqda. Biroq uning ishlab chiqarish quvvati mavjud ehtiyojni to‘liq qoplash uchun yetarli emas. Shu bois viloyatga xorijiy hamkorlar jalb etildi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Bag‘dod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan transformator ishlab chiqarishga oid investitsiya loyihalarini muhokama qildi.
Kompaniya ta’sischisi Szi Chjaoshan o‘z korxonasi faoliyati, transformatorlar ishlab chiqarish sohasidagi tajribasi hamda Farg‘ona viloyatida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar xususida ma’lumot berdi. Uning birinchi bosqichida transformatorlar ishlab chiqarish uchun zarur xom ashyo va butlovchi qismlar olib kelinib, ularni yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda esa mahalliy ishlab chiqarishni to‘liq yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni jadallashtirish va loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi hamda o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri