Sog‘lom inson — farovon hayot poydevori
Mustaqillik bizga nafaqat erkin va osoyishta hayot, balki inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib turmush sharoitlarini yaratish imkonini bergan buyuk ne’matdir. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot, har bir bunyodkorlik ishi zamirida ham ana shu ezgu maqsad — inson manfaati mujassam.
Ayniqsa, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va uni xalqqa yanada yaqinlashtirish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida zamonaviy tibbiy muassasalar barpo etilib, aholiga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaymoqda.
Bu jarayonlarning samarasini esa, eng avvalo, chekka hududlarda yashayotgan insonlar hayotida ko‘rish mumkin. Buxoro viloyati Kogon tumanida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ham ana shu ezgu maqsadlarga uyg‘un.
Yangi tibbiyot maskanlarining foydalanishga topshirilishi aholi uchun zamonaviy, qulay va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Eng muhimi, fuqarolarning oddiy tibbiy ko‘rik yoki zarur muolaja uchun uzoq masofaga borish zarurati kamayadi. Tibbiy xizmatning mahallaga yaqinlashishi — bu faqat yangi bino qurilishi yoki zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash emas. Bu, avvalo, inson vaqtini tejash, uning salomatligiga e’tiborni kuchaytirish, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika ishlarini samarali tashkil etish demakdir. Bugun odamlar tibbiy yordamni qayerdan olishi emas, balki uni qanchalik tez, sifatli va qulay olishi muhim. Kogon tumanidagi “Sog‘un” oilaviy shifokorlik punkti faoliyatini o‘rganish jarayonida ham aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, mavjud imkoniyatlar va yechimini kutayotgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Bu yerda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish hamda dispanser nazoratidagi bemorlar bilan tizimli ishlash muhim vazifalardan hisoblanadi. Ayniqsa, onalar va bolalar salomatligiga bo‘lgan e’tibor jamiyat kelajagi bilan bevosita bog‘liq. Homilador ayollarni muntazam tibbiy nazoratga olish, chaqaloqlar salomatligini kuzatish, bolalarni profilaktik ko‘riklardan o‘tkazish — sog‘lom avlodni voyaga yetkazishning muhim shartidir. Shuningdek, aholini zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, dispanser nazoratidagi bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam samaradorligini oshirish masalalari ham doimiy e’tiborda bo‘lishi zarur.
Tibbiyot sohasidagi islohotlarning joylardagi ijrosini o‘rganishda deputatlik nazoratining ahamiyati beqiyos. Xalq deputatlari Kogon tuman Kengashi deputati Saida Sharipova hududdagi tibbiy xizmat holatini o‘rganish jarayonida aholi bilan muloqot qilib, ularning fikr va takliflariga quloq tutdi. Uning ta’kidlashicha, tibbiyot muassasalarining faoliyatini o‘rganishdan asosiy maqsad faqat mavjud holatni baholash emas, balki odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni aniqlash va ularning amaliy yechimini ta’minlashdan iborat.

— Bugun tibbiyot sohasidagi har bir o‘zgarishning markazida inson salomatligi va uning manfaati turibdi. Aholiga tibbiy xizmat qanchalik yaqin va qulay bo‘lsa, profilaktika ishlari ham shunchalik samarali bo‘ladi. Shuning uchun biz deputatlar joylardagi tibbiy muassasalar faoliyatini o‘rganish, aholi bilan muloqot qilish va aniqlangan muammolar yechimini nazoratga olishni o‘zimizning muhim vazifamiz, deb bilamiz, — deydi Saida Sharipova. Uning fikricha, ayniqsa, qishloq va mahallalarda birlamchi tibbiy xizmatni yanada kuchaytirish, aholiga malakali tibbiy maslahat va xizmatni o‘z vaqtida ko‘rsatish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish doimiy e’tibor talab etadi.
— Inson salomatligiga qilingan sarmoya — eng qimmatli sarmoyadir. Chunki sog‘lom insongina oilasi, mahallasi va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladi, — deydi deputat. Kogon tumanida yangi oilaviy poliklinikalar qurilayotgani ham hudud tibbiyot tizimi uchun muhim qadamdir.
Yangi tibbiy muassasalar zamonaviy infratuzilma, qulay shart-sharoit va tibbiy xizmatlarni bir joyda tashkil etish imkonini berishi bilan ahamiyatli. Bu esa shifokor va bemor o‘rtasidagi munosabatni yanada samarali tashkil etish, tibbiy ko‘rik va profilaktika ishlarini sifatli o‘tkazishga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi tibbiyot maskani — nafaqat yangi bino, balki yuzlab, minglab insonlarning salomatligi uchun yaratilgan imkoniyatlar makonidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri