“Uch avlod" uchrashuvi yosh xodimlarga shijoat ulashdi
Termiz shahridagi “San’at saroyi”da "Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Yoshlar oyligi” doirasida Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi faxriylari, o‘rta yoshdagi va yosh xodimlarining “Uch avlod” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat IIB faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Akram Sharafutdinov va boshqa faxriylar so‘zga chiqib, ko‘p yillik xizmat faoliyati chog‘ida orttirgan boy tajribasi, kasbning sharafli va mas’uliyatli jihatlari, xizmat jarayonidagi sinov va mashaqqatlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Nuroniylar va ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosib hissa qo‘shish, xalq manfaatlariga sidqidildan xizmat qilish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi. Yosh xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularga maslahat va ko‘mak berishga hamisha shay ekanliklari qayd etildi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan o‘rta avlod vakillari va yosh xodimlari sohada yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, xizmat sifati va samaradorligini ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor to‘g‘risida fikr almashdi. Faxriylarga samimiy maslahat va takliflar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, ularga sog‘lik, xonadonlariga fayz, uzoq umr tiladi.

Tadbir yosh xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikka hurmatni mustahkamlab, ularni haqiqiy xalq xizmatchisi ruhida tarbiyalash, vatanparvarlik, halollik va or-nomus kabi yuksak fazilatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri