Tutingan (foster) oilalarni qo‘llab-quvvatlashda yangi yondashuv
Inson manfaatini ta’minlash, har bir bolaga mehr va e’tibor muhitini yaratish, ayniqsa, oilaviy tarbiyadan mahrum qolgan bolalarning baxtli kelajagini ta’minlash bugungi islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada ijtimoiy himoya tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish hamda xalqaro tajribani amaliyotga keng joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan navbatdagi muhim tadbir Buxoro shahridagi “Nurli maskan” 24-son maxsus maktab-internatida tashkil etildi.
Bu yerda “Tutingan (foster) oilalarga hamrohlik qilishda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, ijtimoiy xodim va psixologlarini metodik qo‘llab-quvvatlash superviziyasi” mavzusida amaliy o‘quv va tajriba almashish seminari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur loyiha Ijtimoiy himoya milliy agentligining davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari uyushmasining Xorazm viloyati filiali tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihadagi asosiy e’tibor “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari mutaxassislarining kasbiy mahoratini yanada yuksaltirish, ularning foster oilalar va oilaviy bolalar uylari bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Seminar davomida ishtirokchilar bolalarning ehtiyojlarini kompleks baholash, har bir bola uchun individual rivojlanish rejalarini ishlab chiqish va ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Shuningdek, foster oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini muntazam monitoring qilish, yuzaga kelayotgan murakkab ijtimoiy holatlarni tahlil qilish va ularga yechim topish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar atroflicha muhokama etilmoqda.
Tajriba almashish jarayonida ishtirokchilar uchun interaktiv treninglar, amaliy keyslar tahlili hamda superviziya mashg‘ulotlari tashkil etilib, ijtimoiy xodimlar va psixologlarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi mashg‘ulotlar mutaxassislarning faqat nazariy bilimlarini emas, balki hayotiy vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, bolalar va oilalar bilan samarali muloqot o‘rnatish hamda ijtimoiy xizmatlarni yanada sifatli tashkil etish qobiliyatini ham oshirmoqda.
Eng muhimi, ushbu seminar bolaning manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish, uni mehr-oqibat va oila muhitida kamol toptirish, foster oilalarga har tomonlama ko‘mak berish tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa ijtimoiy himoya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning mas’uliyati va salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Buxoroda o‘tkazilayotgan mazkur amaliy seminar oddiy o‘quv tadbiri emas, balki ezgulik, mehr va insonparvarlik g‘oyalarini mustahkamlovchi muhim maydondir. Bu yerda egallanayotgan bilim va tajribalar ertaga yuzlab bolalar taqdirida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Zero, har bir bolaning baxtli kelajagi — kuchli jamiyat va taraqqiy etgan davlatning eng katta boyligidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri