Sirdaryo va Afg‘oniston ishbilarmonlari Gulistonda uchrashdi
Guliston shahridagi Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida “Sirdaryo – Afg‘oniston” investitsiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini bir maydonga jamlagan anjuman savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Forumda 110 nafardan ortiq afg‘onistonlik hamda 200 nafardan ziyod sirdaryolik tadbirkorlar ishtirok etishdi. B2B shaklida tashkil etilgan uchrashuvlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, logistika, eksport-import operatsiyalari hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur forum Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Afg‘onistonga amaliy tashrifining mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi. O‘shanda bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida umumiy qiymati 539 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihalari va savdo-iqtisodiy kelishuvlarga erishilgan edi. Gulistondagi uchrashuv mazkur kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish, loyihalar ijrosini jadallashtirish va yangi tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qildi.
Forumni Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ochib berdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ko‘p asrlik qo‘shnichilik va birodarlik rishtalari bugungi kunda o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, Sirdaryo viloyatida xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatning qulay geografik joylashuvi, transport-logistika imkoniyatlari, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati hamda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
[gallery-30522]
Anjumanda Afg‘oniston Savdo-sanoat va investitsiyalar palatasi raisi Said Karim Hoshimiy ham ishtirok etdi. U O‘zbekistonda, ayniqsa Sirdaryo viloyatida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Shuningdek, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va savdo aloqalarini kengaytirish har ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi istiqbollar ochishini ta’kidladi.
Forum doirasida o‘tkazilgan B2B muzokaralarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, tashqi savdo aylanmasini oshirish, logistika xizmatlarini rivojlantirish, mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda eksport qilish, shuningdek, ishbilarmonlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan amaliy fikr almashildi.
Tadbir doirasida Sirdaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, eksport salohiyati yuqori bo‘lgan mahsulotlar hamda investitsiya loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi. Bu ishtirokchilarga hududning iqtisodiy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish, istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borish imkonini berdi.
Forum yakunida bunday muloqotlar o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash, yangi sheriklar topish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy munosabatlar ko‘lamini kengaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Ishtirokchilar mazkur uchrashuvlar kelgusida aniq investitsiya loyihalari amalga oshirilishi, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilishi va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yanada mustahkamlanishi uchun mustahkam poydevor yaratishiga ishonch bildirdilar.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA