“Turon” o‘yingohiga zamonaviy VAR texnologiyasi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi markaziy “Turon” o‘yingohiga futbol o‘yinlarini zamonaviy talablar asosida o‘tkazish maqsadida VAR - hakamlar qarorlarini videoyozuv orqali qayta ko‘rib chiqish tizimi o‘rnatildi.
Ushbu texnologiya nizoli holatlarni aniqlash, hakamlar qarorlarining aniqligi va adolatligini ta’minlashga xizmat qiladi. VAR tizimining ishga tushirilishi stadion infratuzilmasini zamonaviy standartlar asosida rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Endi “Turon” stadionida o‘tkaziladigan futbol o‘yinlarida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyati yanada kengayadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri