TURKSOYning navbatdagi yig‘ilishi Kaysari shahrida o‘tkazildi
Turkiyaning Kaysari shahrida TURKSOY yuqori mansabdor shaxslarining 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tashkilotning 2027-yilga mo‘ljallangan faoliyat dasturi, turkiy dunyoning atoqli shaxslari, madaniyat va san’at vakillarining yubiley sanalarini nishonlash, shuningdek, 2028-yilda «Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» deb e’lon qilinadigan shaharni belgilash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, TURKSOY faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish, tashkilotni rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha a’zo davlatlar tomonidan ilgari surilgan takliflar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Xalqaro hamkorlik va reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Sarvar Foziljonov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jasur Rajabov hamda O‘zbekistonning TURKSOYdagi vakili Shavkat Ortiqov ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonning madaniyat hamda tashqi ishlar vazirliklari mas’ullari qatnashdi.
Yig‘ilish doirasida TURKSOYning kelgusi yilda amalga oshiriladigan loyihalari bilan bir qatorda tashkilot faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha a’zo davlatlar tomonidan bildirilgan takliflar ham bandma-band muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar va bildirilgan takliflar joriy yil noyabr oyida Andijon shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishda yana bir bor muhokama qilinib, TURKSOYga a’zo davlatlar madaniyat vazirlari ishtirokidagi Doimiy kengashning 43-majlisi kun tartibiga kiritiladi.
Ta’kidlash joizki, Andijon shahri 2026-yilda «Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» maqomiga ega. Bu esa mamlakatimizning TURKSOY doirasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikdagi faol ishtirokini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA