O‘zbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonov – sahnada buyuk, hayotda kamtarin san’atkor edi
O‘zbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonov: sahnada buyuk, hayotda oddiy. Uning san’atga sadoqati va insoniy fazilatlari unutilmas meros bo‘lib qoldi.
Insonni oddiylik bezaydi, ulug‘vor etadi, kamolot sari yetaklaydi, hurmat va ehtiromga sazovor qiladi. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Zikir Muhammadjonov ana shunday oddiylik va samimiyatni butun umri davomida o‘zida mujassam etgan, san’atga zahmatli mehnati, fidoyiligi va yuksak iste’dodi bilan milliy teatr va kino san’atimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk san’atkor edi.
Toshkentning sershovqin, mashinalaru piyodalarga to‘lib-toshgan ko‘chalarida Zikir akaning muayyan maskan – teatr, premera, yoshlar bilan muloqot va turli uchrashuvlarga asosan piyoda borganlariga ko‘plarimiz guvoh bo‘lganmiz. Bu oddiy harakat ortida uning hayotga, odamlarga va kasbiga bo‘lgan samimiy munosabati mujassam edi. U o‘zini boshqalardan ustun qo‘ymas, xalq orasida oddiy inson sifatida yurar, shu bilan birga san’atda o‘zining yuksak mavqeini mehnat va iste’dod bilan namoyon etardi.
Zikir Muhammadjonov – o‘zbek teatr va kino san’atining yirik namoyandalaridan biri. Uning nomi nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham yaxshi tanilgan. U o‘zining betakror ovozi, sahnaviy madaniyati, obraz yaratish mahorati va qahramon ruhiyatini teran anglash qobiliyati bilan tomoshabinlar mehrini qozondi.

Zikir Muhammadjonov 1921-yili Toshkent shahrida tavallud topgan. San’atdagi g‘oyat serzahmat va mazmunli ijodiy yo‘li davomida u tarixiy shaxslar, zamondoshlar, turli taqdir va xarakter egalarining 250 dan ortiq obrazini katta mahorat bilan yaratdi. Uning har bir roli san’atkorning chuqur izlanishi, hayotiy kuzatuvlari va kasbiga bo‘lgan beqiyos sadoqatining mahsuli edi. U ijro etgan Alisher Navoiy, Temur Malik, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek va boshqa ko‘plab tarixiy shaxslar obrazlari teatr san’ati, kino va televizion spektakl muxlislari xotirasida muhrlanib qolgan.
Aktyor har bir qahramonning ichki dunyosi, ruhiyati va xarakterini chuqur o‘rganib, uni sahnada ishonarli gavdalantirishga intilardi. U uchun rol matnini yod olishning o‘zi kifoya emas edi. Qahramonni anglash, uning davrini his qilish, fikrlash tarzini o‘rganish va tomoshabinga uning qalbini yetkazish muhim edi.

Zikir Muhammadjonovning san’atga kirib kelishi ham o‘ziga xos taqdir taqozosi bilan bog‘liq. O‘sha davrda O‘rta Osiyo davlat universitetining huquqshunoslik fakultetida tahsil olayotgan yosh Zikirni teatr arbobi Mannon Majidov – Mannon Uyg‘ur ko‘chada uchratib qoladi. Mannon Uyg‘ur o‘sha davrda bilim va izlanish ishtiyoqi bilan to‘lib-toshgan yosh Zikirni teatrda ommaviy sahnalarda ishtirok etishga taklif qiladi.
Keyinchalik yosh yigitning tabiiy iste’dodi va sahnaga bo‘lgan qiziqishini anglagan Mannon Uyg‘ur unga teatrda ishlashni taklif etadi. Shu tariqa Zikir Muhammadjonov Toshkentdagi Hamza nomidagi akademik drama teatri – hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga keladi. Ushbu ijodiy jamoa bilan taqdiri bir umrga bog‘lanadi va umrining so‘nggi nafasiga qadar shu dargohda mehnat qiladi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Zikir Muhammadjonov ham yurtdoshlari qatorida front ortida mehnat qilib, G‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan. 1941-1943-yillarda Toshkentda front uchun harbiy samolyotlar tayyorlangan aviatsiya zavodida chilangar-yig‘uvchi bo‘lib ishlaydi. Bu yillar uning hayotidagi og‘ir, ammo chiniqish, iroda toblash va hayotiy tajriba orttirish davri bo‘lgan. Keyinchalik sahnadagi ko‘plab murakkab obrazlarni yaratishda uning ana shu hayotiy tajribalari ham muhim ahamiyat kasb etgani shubhasiz.
945-1949-yillarda Toshkentdagi san’atga ixtisoslashgan oliy o‘quv dargohining aktyorlik fakultetida tahsil oladi. Kunduzlari o‘qib, kechqurunlari teatr sahnasida faoliyat yuritgan Zikir Muhammadjonov o‘qishni a’lo baholar bilan tamomlaydi. Bu davr uning professional aktyor sifatida shakllanishida muhim bosqich bo‘ldi.
O‘sha davrda teatr san’ati ustalaridan biri bo‘lgan, ijodiy jamoada Zikir Muhammadjonov bilan qirq yildan ortiq birga mehnat qilgan Toshxo‘ja Xo‘jayev aktyor haqida shunday fikr bildirgan edi:

– Zikir Muhammadjonov astoydil mehnat qiladigan aktyorlar toifasiga kiradi. U har bir spektakl boshlanishidan ikki soat avval teatrga kelardi. Spektakllar uchun repetitsiyalarda esa uch-to‘rt soatlab shug‘ullanardi. U shunchaki rol o‘ynamasdi, balki qahramonning holatiga kira olardi. Zikir sahnaga chiqqan paytda zal tomoshabinlar bilan to‘lib ketardi. Bu nafaqat Toshkentda, balki Rossiya, Tojikiston va boshqa ko‘plab yurtlar sahnalarida ham shunday holat kuzatilardi.
Bu fikrlar Zikir Muhammadjonovning san’atga munosabatini yaqqol ifodalaydi. Uning uchun aktyorlik oddiy kasb emas, balki katta mas’uliyat va taqdir edi. Sahnaga chiqishdan oldingi tayyorgarlik, repetitsiyalardagi sabr-toqat, obraz ustidagi uzoq izlanishlar uning ijodiy kredosiga aylangandi.

Kinoga Zikir Muhammadjonov biroz keyinroq kirib kelgan bo‘lsa-da, ekrandagi obrazlari bilan tomoshabinlar mehrini tezda qozondi. Zero, u kino va teatrdagi har bir rolini mashaqqatli mehnat, katta izlanish va zahmat bilan yaratar edi. Aktyor qahramonlarining hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish maqsadida arxiv hujjatlarini izlar, tarixiy manbalar bilan tanishar, davr ruhiyatini his qilishga harakat qilardi.
Aktyorning «General Rahimov» filmida yaratgan obrazi ham san’atkor ijodida alohida o‘rin tutadi. Ushbu film sobiq Ittifoq hududidan tashqarida ham namoyish etilgan va o‘z davrida tomoshabinlar e’tiborini qozongan. Aktyor ushbu obraz orqali tarixiy shaxsning jasorati, qat’iyati va insonlik fazilatlarini ekranda ishonarli aks ettira oldi.
Zikir Muhammadjonov o‘zbek va hind kinematograflari hamkorligida suratga olingan bir qator filmlarda, jumladan, «Ali bobo va qirq qaroqchi», «Sevgi afsonasi» kabi kinolentalarda ham betakror obrazlar yaratgan. Bu rollar san’atkor ijodining geografiyasi keng bo‘lganini, uning aktyorlik mahorati turli madaniy muhit va kino maktablarida ham yuksak baholanganini ko‘rsatadi.
Ustoz san’atkor ko‘plab xalqaro kinofestivallarning aziz mehmoni bo‘lgan. U Jan Mare, Charli Chaplin, Mixail Ulyanov kabi mashhur san’atkorlar bilan muloqot qilgan, do‘stlashgan edi. Hindistonlik buyuk aktyor Raj Kapur bilan esa yaqin do‘stona munosabatda bo‘lgani, ikki san’atkor bir-birlarining xonadonlarida mehmon bo‘lib turgani haqida ko‘plab xotiralar mavjud.
Zikir Muhammadjonovning san’atdagi obro‘si uning inson sifatidagi fazilatlari bilan ham uyg‘un edi. U qanchalik mashhur va e’tirof etilgan san’atkor bo‘lmasin, hayotda o‘zini oddiy tutishga intilar, odamlar bilan samimiy muloqot qilardi. Uning xalq orasida erkin yurishi, yoshlar bilan suhbatlashishi, ularga o‘z tajribasini baham ko‘rishi san’atkorning qalbida odamlarga bo‘lgan mehr va hurmat naqadar yuksak bo‘lganini ko‘rsatadi. Aktyorga bo‘lgan bunday umumxalq muhabbati uning mehnati va iste’dodi uchun o‘ziga xos mukofot edi.

Istiqlol yillarida ham Zikir Muhammadjonovning san’at va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi yuksak qadrlandi. U «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni, «Do‘stlik» va «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan. Ammo uning uchun eng katta mukofot – xalq mehri va tomoshabinlar qalbida qolgan obrazlari edi.
Zikir Muhammadjonov nafaqat mahoratli san’atkor, balki oddiy, o‘ta kamtarin, mehnatsevar va doimo xalq ichida yurgan inson edi. Uning hayoti va ijodi yosh avlod uchun mehnatsevarlik, kasbga sadoqat, insonlarga hurmat va kamtarlikning yorqin namunasidir.
Bugun oramizda yo‘q bo‘lsa-da, Zikir Muhammadjonov yaratgan obrazlar hamon yashamoqda. Ular sahna va ekrandagi oddiy rollar emas, balki o‘zbek xalqining tarixiy xotirasi, ma’naviy dunyosi va milliy qadriyatlarini ifoda etuvchi badiiy meros sifatida qadrlidir.

U yaratgan yuzlab obrazlar milliy teatr va kino san’atimizning oltin xazinasidan munosib o‘rin olgan. Uning har bir roli ortida katta mehnat, izlanish, sabr va san’atga cheksiz muhabbat mujassam.
O‘zbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonovning sahnadagi buyukligi, hayotdagi oddiyligi uni xalq xotirasida abadiy yashaydigan san’atkorlar qatoriga qo‘shdi. Uning ijodiy merosi esa yangi avlod aktyorlari uchun hamisha o‘ziga xos maktab, insonlik fazilatlari esa ibrat manbai bo‘lib qolaveradi. Zero, buyuk san’atkorni vaqt emas, xalq xotirasi asraydi. Zikir Muhammadjonov esa ana shu xotirada o‘zining munosib va o‘chmas o‘rniga ega.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri