Turkiya qardosh mamlakat futbolchilarining maqomini o‘zgartirmoqchi
Turkiya chempionatida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi turkiy davlatlarning futbolchilari mamlakat chempionatida xorijiy futbolchilar emas, balki turkiy davlat futbolchilari sifatida qayd etilishi mumkin.
Bu haqda xabar tarqatgan “TRT Haber” nashrining keltirishicha, Turkiyaning hukmron partiyasi sanalgan Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) raisi o‘rinbosari Kursad Zorlu turkiy mamlakatlardan Turkiyaga kelgan futbolchilar xorijiy futbolchilar emas, balki turkiy futbolchilar sifatida o‘ynashini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, turkiy davlatlar futbolchilarining maqomini o‘zgartirish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan. Bu masala Turkiya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan ham muhokama qilingan.
-Maqsad, shunchaki maqomni o‘zgartirish emas, balki turkiy xalqlar o‘rtasida futbol tizimidagi yaqinlikni yanada mustahkamlash. Agar biz ushbu loyihani yakunlasak, 200 milliondan ortiq aholiga ega turkiy dunyo bo‘ylab yosh iste’dodlarni kashf eta olish imkoniyati yanada ortadi. Bu orqali yosh futbolchilar Yevropa va jahon maydonlariga chiqish imkoniyati kengayadi. Qolaversa, xalqaro musobaqalarda turkiy davlatlar milliy jamoalarining muvaffaqiyatini oshirishga sharoit yaratishi bilan birga mamlakatlarimiz futbol akademiyalari tizimlarida rivojlanish ta’minlanadi, - deya ta’kidlagan Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari Kursad Zorlu.
T. Ro‘ziyev, O‘zA