Turkiya Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi davom etyapti
Shu kunlarda qardosh Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi davom etyapti.
Tashrif dasturi juda sermazmun: ikki davlat Konstitutsiyaviy sudi rahbarlari ishtirokidagi rasmiy uchrashuvdan tashqari o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolash, Xalqaro davra suhbati o‘tkazish, shuningdek Samarqand va Buxoro shahrida rejalashtirilgan rasmiy va madaniy tadbirlarda qatnashish. Maqsad ham aniq: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatiga ilg‘or xalqaro tajribani joriy qilish, jumladan bu borada qariyb 65 yillik tarixga ega Turkiya bilan sheriklikni rivojlantirish orqali samarali xorijiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish.
Rejaga ko‘ra, dastlab O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov va Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi prezidenti Qodir O‘zqoya rahbarligidagi jamoalarning rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida ikki do‘st mamlakatning konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi hamkorligini izchil rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli masalalar atroflicha muhokama qilindi.
[gallery-29203]
Shu kunning o‘zida Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov va Qodir O‘zqoya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.
Mazkur kelishuvdan o‘zaro konstitutsiyaviy huquq sohasini nazariy va amaliy jihatdan chuqur o‘rganish, qo‘shma amaliy tadbirlar orqali ishonchli, do‘stona munosabatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan institutsional asosni mustahkamlashdek ezgu niyatlar ko‘zlangan.
Hujjat doirasida mavjud aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, jumladan fikr va ilg‘or tajriba almashish orqali sud-huquq sohasidagi sheriklikni kengaytirish, konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, shuningdek, konstitutsiyaviy shikoyat institutini qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.
Shu bilan birga konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida axborot, ilmiy nashrlar, sud qarorlari va boshqa tegishli materiallarni muntazam ravishda almashish, tomonlar vakolatiga daxldor masalalar yuzasidan qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiya, seminar, o‘quv va tadqiqot dasturlari, malaka oshirish tadbirlari tashkil etish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Mazkur memorandum ikki davlat konstitutsiyaviy sudlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy konstitutsiyaviy odil sudlov amaliyotini rivojlantirish hamda xalqaro huquqiy muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi shubhasiz.
G‘.Xonnazarov,
F.Abdurasulov (surat), O‘zA