Jasur va mard o‘g‘lonning xotirasi yod etildi
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan katta leytenant Qodirberdiyev Abdumutallib O‘rol o‘g‘lining yorqin xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Shu munosabat bilan marhumning xonadoniga Sirdaryo viloyati FVB Faxriylar kengashi raisi Rasuljon Dehqonov boshchiligida soha xodimlari tashrif buyurishdi. Tashrif davomida marhumning oila a’zolari holidan xabar olinib, ularga hurmat va e’tibor ko‘rsatildi.
Uchrashuv davomida Abdumutallib Qodirberdiyevning hayot yo‘li, uning qutqaruv xizmatidagi fidoyiligi, jasorati va kasbga sadoqati alohida e’tirof etildi. Uning insonparvarlik fazilatlari va xizmat davomida ko‘rsatgan mardligi hamkasblari tomonidan yodga olindi.
– Abdumutallib Qodirberdiyev o‘z xizmat faoliyati davomida haqiqiy fidoyilik va jasorat namunasini ko‘rsatgan xodimlardan biri edi. U har qanday vaziyatda ham inson hayotini qutqarishni birinchi o‘ringa qo‘yar, xizmat burchiga sadoqatni eng oliy qadriyat deb bilar edi. Bunday insonlarning nomi va jasorati doimo xotiralarda yashaydi, – deydi Sirdaryo viloyati FVB Faxriylar kengashi raisi Rasuljon Dehqonov.
Tadbir doirasida marhum xotirasiga ehtirom bildirilib, Qur’on tilovat qilindi va duolar o‘qildi. Shu bilan birga, oila a’zolari bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, ularning ijtimoiy holati va ehtiyojlari o‘rganildi.
Ma’lum qilinishicha, Abdumutallib Qodirberdiyev 1972-yil 5-aprelda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tug‘ilgan bo‘lib, 1996-yildan buyon yong‘in xavfsizligi tizimida xizmat qilib kelgan. U xizmat faoliyati davomida turli mas’ul lavozimlarda ishlab, favqulodda vaziyatlarda inson hayotini qutqarish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan.
[gallery-29248]
U 2006-yili Yangiyer shahrida sodir bo‘lgan fojiali holat chog‘ida oqova suv tarmog‘iga tushib ketgan ikki nafar fuqaroni qutqarish jarayonida xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, xizmat vazifasini ado etish chog‘ida jon fido etgan xodimlarning xotirasini yod etish, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Tadbir yakunida marhumning otasi O‘rol Qodirberdiyev tashkilotchilarga va soha xodimlariga ko‘rsatilgan e’tibor va hurmat uchun minnatdorlik bildirdi. U farzandining xotirasini unutmay, uni doim yod etib kelishayotgani uchun samimiy minnatdorlik so‘zlarini izhor etdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA