Turkiya delegatsiyasi Samarqand ziyoratida
Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi xavfsizlik va razvedka komissiyasi raisi Veysal Tipio‘g‘lu boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandga tashrif buyurdi.
Delegatsiya Samarqand bilan tanishuvni Imom Buxoriy majmuasidan boshladi.
Islom olamining buyuk muhaddisi mangu qo‘nim topgan maskan ziyorati turkiyalik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
[gallery-29882]
- Bugun ota yurtimiz O‘zbekistonda, islom olamining eng buyuk allomalaridan biri bo‘lmish Imom Buxoriyning ma’naviy huzurida bo‘lib turganimizdan katta baxtiyorlik his etyapmiz, - dedi Veysal Tipio‘g‘lu. - Imom Buxoriy ziyoratgohi nafaqat O‘zbekiston, balki butun musulmon olami talpinadigan muborak maskanga aylandi. Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar shunchaki diplomatik aloqa emas, balki qardoshlik rishtasidir. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning bunday darajaga kelishida davlat rahbarlarining siyosiy irodalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugun ushbu muqaddas majmuani ko‘rib, qardoshlarimizga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Va bu muborak maskandan, ushbu ma’naviy maqomdan turib xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalari bardavom bo‘lishini tilayman.
Tashrif davomida mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni va Shohi Zinda yodgorlik majmualarida bo‘lib, betakror tarixiy obidalarning barpo etilishi, ularning bugungi kundagi ahamiyati haqidagi muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari