Buxoro koreyaliklarni maftun etmoqda
O‘zbekistonning ming yillik tarix va madaniyat beshigi sanalgan Buxoro shahri bugun nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo sayyohlari uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Buxoro viloyatida Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan mashhur blogerlar, kontent yaratuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida maxsus info-tur tashkil etildi. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, Buxoroning noyob imkoniyatlarini xalqaro auditoriyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Info-tur davomida mehmonlar Buxoroning tarixiy va madaniy durdonalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ular dunyo sivilizatsiyasi rivojida muhim o‘rin tutgan Ark qal’asi, muhtasham Poyi Kalon majmuasi, sharqona muhitni o‘zida mujassam etgan Labi Hovuz ansambli, qadimiy savdo toqlari hamda shaharning yuragi hisoblangan markaziy bozorga tashrif buyurdi.

Ayniqsa, ko‘p asrlik tarix nafasi ufurib turgan me’moriy obidalar, betakror naqqoshlik va milliy an’analar koreyalik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ular Buxoroning har bir ko‘chasi, har bir obidasi o‘ziga xos tarixiy hikoyaga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Mehmonlar mahalliy aholining samimiyligi va mehmondo‘stligini ham yuqori baholadilar. Buxoroliklarning ochiqko‘ngilligi, milliy qadriyatlarga sodiqligi va sayyohlarga bo‘lgan hurmat-e’tibori ularning eng yorqin taassurotlaridan biri bo‘ldi.
Tashrifning yana bir muhim jihati shundaki, blogerlar va media vakillari info-tur jarayonini o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali real vaqt rejimida yoritib bordi. Millionlab obunachilarga ega mazkur inflyuyenserlar tomonidan joylashtirilgan foto va videolavhalar Buxoroning go‘zal qiyofasini xalqaro auditoriyaga namoyon qildi. Bu esa shaharning turistik brendini yanada mustahkamlash va yangi sayyohlarni jalb etishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Mutaxassislarning fikricha, bu kabi info-turlar an’anaviy reklama vositalariga nisbatan ancha samarali hisoblanadi. Chunki sayyohlar real taassurotlar, haqiqiy sayohat tajribasi va ishonchli tavsiyalarga ko‘proq qiziqish bildiradi. Shu ma’noda, koreyalik blogerlar tomonidan tarqatilayotgan kontent Buxoroning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda Janubiy Koreya O‘zbekiston uchun istiqbolli turistik bozorlardan biri hisoblanadi. Shu bois ikki davlat o‘rtasidagi turizm sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish va o‘zaro sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish muhim vazifalardan sanaladi.
Buxoro bu faqat qadimiy shahar emas, balki Sharq sivilizatsiyasining tirik muzeyi, tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan betakror maskandir. Janubiy koreyalik blogerlar va media vakillarining tashrifi esa ushbu muqaddas zaminning jahon turizm xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri