Turkiy davlatlar o‘rtasida raqobat sohasida hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda
Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar raqobat organlari rahbarlarining 3-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim muzokaralar o‘tkazdi.
Yig‘ilish doirasida Raqobat qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev Turkiya, Ozarbayjon va Vengriya raqobat idoralari rahbarlari bilan alohida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda davlatlar rahbarlari darajasida so‘nggi yillarda ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa iqtisodiy aloqalar, adolatli bozor muhitini shakllantirish va investitsiya jozibadorligini oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

Muzokaralar chog‘ida iste’molchilar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoatchilik bilan ochiq muloqot mexanizmlarini kuchaytirish, raqamli bozorlarda sog‘lom raqobatni ta’minlash, shuningdek global raqamli platformalar uchun milliy bozorlarda qulay va shaffof shart-sharoitlar yaratish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot sharoitida yangi xizmatlar va innovatsion yechimlarni joriy etish, bozorga kirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha zamonaviy tartibga solish yondashuvlari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashish, qo‘shma tahlil va o‘rganishlar o‘tkazish, shuningdek mutaxassislarning stajirovka va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish orqali institutsional hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
N.Rahmonova,
O‘zA