Turizm: Yangiobod so‘lim maskanga aylanmoqda
Jizzax viloyatining Yangiobod tumani iqtisodiy rivojlanish uchun imkoniyatlari kam bo‘lgan hudud bo‘lib, eng katta va bebaho boyligi bu mehnatkash, fidoiy, qalbi daryo xalqidir.
Yangiobodliklar bir necha metr chuqurlikdan quduq qazib, suv chiqarib, tomorqasida bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavot va poliz ekinlari yetishtirishda suvli hududlarda yashayotgan mirishkorlardan aslo qolishmaydi.
Mehnat bozorida ishchi kuchi taklifi va bandlikka bo‘lgan ehtiyoj har bir fuqarolar yig‘ini va sektorlar kesimida batafsil aniqlanganligi, yangi ish joylarini tashkil etish dasturini ishlab chiqishda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, uning istiqbollari, o‘rni va salohiyati, ixtisoslashuvi, ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyoj, moliyaviy manbalar to‘g‘risida ma’lumotlar jalb etilishini hisobga olgan holda 2024 yilga mo‘ljallangan “Aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha tuman dasturi”ga asosan jami 4053 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning yanvar – iyun oylarida 2997 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish belgilangan bo‘lib, tashqi savdo va mahalliy sanoatni rivojlantirish, moliya-iqtisod, tadbirkorlik va kambag‘allikni qisqartirish, qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi, qurilish transport va kommunal soha, ziyorat, eko va tibbiyot turizmini rivojlantirish hisobiga jami 3942 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilganini ta’kidlash lozim.
Tuman mutaxassislarining ta’kidlashicha, Yangiobodning kelajakdagi asosiy drayverlaridan biri – bu ziyorat, tibbiyot va ekoturizm bo‘lishi kutilmoqda. Obod go‘shalardan biriga aylangan Xo‘jamushkent ziyoratgohi, “Havotog‘” sanatoriysi, “Xo‘jamushkent” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi soy bo‘yida faoliyat olib borayotgan va ish boshlashga tayyor bo‘lib turgan o‘nlab Mehmon uylari o‘z faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi.
“Havotog‘” QFY Uchturgon qishlog‘i hududidagi “Hayir Havotog‘” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida manzilda bo‘ldik. Korxona mutaxassislarining ta’kidlashicha, manzildagi buloq shifobaxsh xususiyatga ega. Buloq suvi 1636 metr chuqurlikdan +45 daraja haroratli, tarkibida esa 18 ta mikro va makro elementlar mavjud.
– Salkam 30 yil davomida tashlandiq holga kelib qolgan ushbu binoni asli o‘zbekistonlik, bugunda Rossiya Federatsiyasi fuqarosi tadbirkor Muhammadxayrullo Qayumjonov tomonidan zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinishga keldi. Aholi salomatligi yo‘lida buloq suvi bilan davolaydigan 80 o‘ringa mo‘ljallangan shifo maskani barpo etildi, – deydi “Hayir Havotog‘” qo‘shma korxonasi ish boshqaruvchisi Fayzullo Rahimov. – Qo‘shma korxona o‘tgan yili o‘z faoliyatini boshladi. Sihatgohda 48 o‘rinli VIP xona, 30 o‘rinli standart va 80 o‘rinli milliy hamda Yevropa taomlari tayyorlashga mo‘ljallangan oshxona, bulardan tashqari kutubxona mavjud.
Mijozlar uchun parafin, massaj, fin va turk hammomlari, issiq balchiq va qum, tuz g‘ori va shifobaxsh suvli jakuzi vannalari tashkil etilgan. Shifo maskanida suyak-bug‘im kasalliklari, asab tizimi, ovqat hazm qilish organlari, ginekologik, urologik, markaziy qon aylanish tizimi, qandli diabet va umuman o‘ndan ortiq kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Loyiha doirasida korxonada 52 ta yangi ish o‘rni yaratilishi nazarda tutilgan bo‘lib, hozirda 30 kishi doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlangan. Manzilda yangi loyiha ustida ish olib borilmoqda. Loyihalardan biri yaqin orada, sanatoriy binosi yonidan o‘n oilaga mo‘ljallangan oilaviy dam olish va davolanish uylari barpo etilib foydalanishga topshirish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, yangi loyihaning ikkinchi bosqichida qiymati 1 million 500 ming AQSH dollarlik “Havotog‘” shifobaxsh suv ishlab chiqarish zavodini qurish ishlari ham boshlab yuborilgan.
Ushbu zavod dastlabki bosqichda oylik quvvati 60 ming dona 1 litr, 80 ming dona 0,5 litr idishlarda suv qadoqlanib, loyihaning keyingi bosqichida oyiga 180 ming litr mineral suv ishlab chiqarilishi maqsad qilingan. Mazkur loyihalarning ijrosi to‘liq ta’minlangach, qo‘shimcha yana 25 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Korxonada qadoqlangan mahsulotning asosiy qismi Rossiya, qo‘shni qardosh respublikalar va Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qilish rejalashtirilgan.
[gallery-18737]
– Ushbu sihatgohda bir necha kundan buyon davolanaman. Toza havodan miriqib nafas olib, bel, bo‘g‘indagi og‘riqlar, tanovul qilgan taomlarni tez va juda yaxshi hazm bo‘lishini his qildim, – deydi Usmonali Toshpo‘latov. – Farg‘ona viloyati Rishton tumanidan keldim. Menga shifobaxsh buloq suvi manzur bo‘ldi. Davolanish xonalari, kutubxona va boshqa xonalarning hamda atrof-muhit tozaligiga nihoyatda katta e’tibor qaratilgani, ovqatlarning to‘yimliligi hammaga birdek manzur bo‘lmoqda.
Jizzax shahridan salkam 150 kilometr masofadagi “Hayir Havotog‘” sihatgohining shifobaxsh buloq suvidan ichib, hududning musaffo havosiga to‘yinib xizmat safaridan qaytar ekanmiz, kelajakda tibbiyot, ziyorat va ekoturizmi Yangiobodning asosiy drayverlaridan biriga aylanishga ishonch hosil qildik.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.